Geografiya kafedrasi mudiri:
Abdumo‘minov Bahodir Odinayevich
Geografiya kafedrasi 1986 yilda geografiya fanlari doktori, professor Abdimo‘min Normurodovich Ro‘ziyev tashabbusi bilan tashkil qilingan. Shungacha, ya’ni 1986-1987 o’quv yilda Geografiya bo‘limi mavjud edi, uning qo‘shimcha ixtisosligi biologiya edi. Shu boisdan dastlab kafedraning nomi geografiya-biologiya deb yuritildi, keyingi o‘quv yillarida universitetda geografiya bo‘limiga talabalar qabul qilish va sof geografiya bo‘limi hamda sirtqi bo‘lim ochildi. 1988-yilning sentyabr oyida universitet ilmiy kengashining qarori bilan kafedradan biologiya bo‘limi ajralib chiqdi va mustaqil geografiya kafedrasi faoliyat ko‘rsata boshladi.
1990-1991 o‘quv yilida geografiya bo’limini 27 nafar talaba bitirib chiqdi va hayotga yo‘llanma oldi. 1991-1992 o‘quv yilida esa geografiya bo‘limini ikki guruh, 1992-1993 o‘quv yilida uch guruh talabalar bitirib chiqdi. Hozirgi kungacha har yili ikki guruh talabalar geografiya mutaxassisligi bo‘yicha bitirib chiqishmoqda. Natijada viloyatimiz umumiy o‘rta ta’lim va professional ta’lim muassasalarining geografiya fani o‘qituvchisiga bo‘lgan talablari qondirilmoqda.
Shuni alohida aytish kerakki yani kafedrada prof. A.Ro‘ziyev, H.Shosaidov, M.Erdanov va U.Safarovlarning jonbozligi bilan ish boshlangan edi.
Ta’kidlash joizki, geografiya kafedrasi tashkil qilingan dastlabki vaqtlarda professor-o‘qituvchilarga bo’lgan ehtiyojning mavjudligi sababli Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)dan prof. Z.M.Akromov va prof. R.U.Rahimbekovlar, Nizomiy nomidagi TDPIdan dots. M.Asomov, Qarshi DPIdan dots. A.Mamatovlar dars o‘tish uchun taklif qilindi.
Tez orada kafedra malakali mahalliy kadrlar Q.Allanov, N.To‘ychiyeva, M.Umarova, Sh.Qo‘chqorov, U.Barotaliyev, B.Aliyev, X.Eshmadatov va I.To‘raqulovlar bilan ish boshladi.
Universitet hududida geografiya kafedrasining meteorologik maydonchasi tashkil qilindi. O‘qish – o‘qitish, ta’lim-tarbiya ishlari zamon talablari darajasida olib boriladigan bo‘ldi. Kafedraning yetuk kadrlari kuchi bilan yuqori kurs talabalari uchun yangi maxsus kurslar, maxsus seminarlar o‘qitiladigan bo‘ldi. Jumladan, 3-kurs talabalari uchun “Agrogeografiya”, “Agrosanoat kompleksining hududiy sistemalari”, 4-kursda “Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” maxsus kurslari o‘qitila boshlandi.
1990-yillarda O‘zbekiston geografiyasi va iqtisodiyoti bilan bog‘liq bo’lgan dolzarb mavzularda ilmiy - tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Kafedra mudiri prof. A.N.Ro‘ziyev tomonidan “O‘zbekiston agrosanoat kompleksining hududiy sistemalari va uni takomillashtirish yo‘llari”, Q.Allanov tomonidan “Surxondaryo viloyatida paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning hududiy tizimlari”, M.Erdonov tomonidan “Surxondaryo viloyati aholisi ko‘payishidagi ayrim masalalar”, H.Shosaidov tomonidan “Surxondaryo viloyatida uzum yetishtirish va uni qayta ishlashning hududiy tizimlari”, U.Safarov tomonidan “Tabiiy geografiyani o‘qitishda kompyuter texnologiyasidan foydalanish” mavzularida ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar talabalarning asosiy dasturlariga aylandi. Jumladan, A.Ro‘ziyevning “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi asoslari”, “Qishloq xo‘jaligida fan-texnika taraqqiyoti”, “Surxondaryo viloyati”, “Surxondaryo viloyati suv omborlari va agrosanoat majmuasini rivojlantirish”, “O‘zbekiston iqtisodiy geografiyasi” kitoblari oliy o‘quv yurtlari talabalarining sevimli darsligiga aylandi. Kafedra olimlari tomonidan 1990, 1991, 1992, 1993, 2006, 2016, 2020-yillarda geografiya fanining dolzarb mavzulariga bag‘ishlab respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil qilindi va ilmiy to‘plamlari chop qilindi. Shuningdek, 1990-yildan 2003-yilgacha har yili kafedra qoshida “Talaba va fan-texnika taraqqiyoti” deb nomlanuvchi respublika oliy o‘quv yurtlararo talabalarning fan olimpiadasi o‘tkazildi.
KAFEDRADA O‘QITILADIGAN YO‘NALISHLAR:
Kafedrada 60530200 – Geografiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar va 70530201 – Geografiya mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.
BAKALAVRIAT YO‘NALISHIDA O‘QITILADIGAN FANLAR
1.Umumiy tabiiy geografiya
2.Iqlimshunoslik va gidrologiya
3.Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya
4. O‘zbekiston geografiyasi
5. Landshaftshunoslik
6.Shaharlar geografiyasi va geourbanistika asoslari
7. Geomorfologiya va geologiya asoslari
8. Jahon geografiyasi
9. Jahon xo‘jaligi geografiyasi
10. Aholi geografiyasi va demografiya asoslari
11. Topografiya, kartografiya, GAT
12. Sotsial-iqtisodiy kartografiya
13.Transport geografiyasi
14.Sanoat geografiyasi
15.Turizm va rekreatsiya geografiyasi
16.Surxondaryo geografiyasi
17.Geografik o‘lkashunoslik
18.Siyosiy geografiya
19.Toponimika
20. Tuproqlar geografiyasi
21. Biogeografiya
22.Tabiiyot va geografiya o‘qitish metodikasi
23.Sotsial geografiya
24.Qishloq xo‘jaligi geografiyasi
25.Geografik tadqiqotlarda aerokosmik metodlar
26.Geografiya tarixi
27. Geoekologiya va landshaft ekologiyasi
MAGISTRATURA YO‘NALISHIDA O‘QITILADIGAN FANLAR
1. Geosistemalar nazariyasi
2. Geodemografiya
3. Ilmiy tadqiqot metodologiyasi metodologiyasi
4. Maxsus fanlarni o’qitish metodikasi
5. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning
6. Landshaft rejalashtirish
7. Madaniy geografiya
8. Geoekologoya
9. Servis geografiyasi
10. Ilmiy seminar
KAFEDRADA OLIB BORILAYOTGAN ILMIY ISHLAR
Geografiya kafedrasida muntazam ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2005-yilda kafedra katta o‘qituvchisi X.Abdunazarov 11.00.02-Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ixtisosligi bo‘yicha “Surxondaryo viloyatida qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatining hududiy tashkil etilishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
2009-yilda kafedra katta o’qituvchisi A.Sattorov 11.00.02-Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ixtisosligi bo‘yicha “Surxondaryo viloyati qshlioq aholi manzilgohlarining rivojlanish va joylashish xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Shuningdek, 2022-yil 11-noyabrda kafedra o’qituvchisi Abdumo‘minov Bohadir Odinayevich O'zbekiston Milliy Universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06. raqamli Ilmiy kengashda 11.00.06 – Geodeziya. Kartografiya ixtisosligi bo‘yicha “Geografik axborot texnologiyalari asosida joy relyefining 3 o‘lchamli modelini yaratish va tadqiq qilish (Surxondaryo viloyati misolida)” mavzusidagi geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
2022-yilning 20-dekabr kuni kafedra o‘qituvchisi To‘rayev Quvonchbek Tagirovich Samarqand davlat universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2021.Gr.02.07 raqamli Ilmiy kengashda 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbekistonda diniy turizmni rivojlantirishning ijtimoiy-geografik asoslari” mavzusidagi geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
2024-yilning 24-dekabr kuni kafedra o‘qituvchisi Esanov Nazar Amanturdiyevich Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2021.Gr.02.07 raqamli Ilmiy kengashda 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ixtisosligi bo‘yicha “Termiz shahrini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari” mavzusida geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Hozirgi vaqtda kafedra professor-o'qituvchilari ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirmoqdalar. Jumladan, Umarova Maxbuba Xamroyevna “Toponimlarni majmuali o‘rganishning geografik jihatlari (Surxondaryo viloyati misolida)”, Xolmatov Ziyovuddin Maxmaniyozovich “Surxondaryo viloyatida etnoturizmni rivojlantirishning iqtisodiy geografik jihatlari”, Niyozov Xo‘jaqul Mirzaboboyevich “Surxondaryo viloyatida yengil sanoat tarmoqlarini hududiy tashkil etish va rivojlantirish masalalari”, Choriyev Abdiqayim Qodirovich “Surxondaryo viloyati suv omborlarining ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishdagi ahamiyati”, mavzularida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Shuningdek, kafedraning 2 nafar umidli yosh o‘qituvchilari O‘zbekiston Milliy universiteti (S.Xursandov) hamda Farg’ona davlat universitetida (A.Raxmatov) maqsadli doktoranturada tahsil olmoqda.
KAFEDRADA OLIB BORILAYOTGAN ILMIY-USLUBIY ISHLAR
So‘ngi yillarda kafedra professor-o‘qituvchilari bu sohada salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, 2017-yilda “Topografiya asoslari va kartografiya, geografik axborot tizimlari” nomli uslubiy qo‘llanma chop etildi. 2020 yilda kafedrada 3 ta monografiya: “Surxondaryo viloyati relyefining raqamli modelini yaratish”, “Surxondaryo viloyati qishloq aholi manzilgohlarining rivojlanish va joylashish xususiyatlari”, “Surxondaryo viloyati toponimlarini o‘rganishining geografik jihatlari” va “Jahon geografiyasi ” nomli uslubiy qo‘llanma nashr ettirildi. 2022-yilda kafedrada “Surxondaryo viloyati transport geografiyasi” va “Surxondaryo geografiyasi (tabiiy geogarfiya)” nomli o‘quv qo‘llanmalari nashr qilindi. 2023-yilda Q.Allanov va A.Choriyevlar tomonidan “Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya sohasida yaratilgan ilmiy maktablar”, B.Abdumo‘minov tomonidan “Surxondaryo viloyati relyefining 3 o‘lchamli modelini yaratish”, Q. To‘rayev tomonidan “O‘zbekistonda diniy turizmni rivojlantirish va hududiy tashkil etishni takomillashtirishning geografik asoslari” mavzularidagi monografiyalar nashr etildi.
Kafedrada 2023-yilda B.Abdumo‘minov, Z.Xolmatovlar hammuallifligida “Geodeziya”; Q.To‘rayev muallifligida “Iqtisodiy va turizm geografiyasi”; H.Abdunazarov, M.Umarova, N.Esanovlar hammuallifligida “Surxondaryo viloyati geografiyasi (II qism, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya), N.Esanov, M.Erdonov, B.Abdumo‘minovlar hammuallifligida “Shaharlar geografiyasi va geourbanistika asoslari” nomli o‘quv qo‘llanmalar nashr qilindi. 2024-yilda B.Abdumo‘minov, Sh.Raximov hammuallifligida “Topografiya asoslari”, M.Erdanov muallifligida “Jahon geografiyasi”, X.Amonov, Q.Allanov hammuallifligida “Tabiiyot va geografiya o‘qitish metodikasi”, X.Abdunazarov muallifligida “Jahon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi”, X.Abdunazarov, M.Umarova, N.Esanovlar hammuallifligida “Surxondaryo viloyati geografiyasi (II qism)” o’quv qo’llanmalari nashr qilindi. Shuningdek, 2024-yil davomida X.Abdunazarov muallifligida “Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaga oid atama va tushunchalarning izohli lug’ati”, M.Umarova muallifligida “Geomorfologiya va geologiya asoslari fanidan atama va tushunchalarning izohli lug’ati”, A.Choriyev muallifligida “Tabiatdan foydalanishning geografik asoslari fanidan atama va tushunchalarning izohli lug‘ati” chop qilindi. 2024-yilda Q.Allanov, D.Xudoyberdiyevlar tomonidan “Aholi geografiyasi va demografiyasi asoslari” nomli (Top-1000 universitetlarda o‘qitiladigan) o‘quv qo‘llanma tarjima qilinib, nashr etildi.
Har bir fan bo‘yicha namunaviy fan dasturi, ishchi o‘quv dasturi (silllabus), O‘UM, ma’ruza matni, reyting ishlanmasi, kalendar mavzuli reja, amaliy mashg‘ulotlari bo‘yicha hujjatlar mavjud.
Kafedra professor-o‘qituvchilari O‘zbekistonda yetuk geograf mutaxassislar tayyorlab, Respublika iqtisodiyoti rivojlanishiga va yosh avlodni tarbiyalashda munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugun Termiz davlat universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
BatafsilBugun erta tongdan TerDUning professor-o‘qituvchilari “Sizga ta’zim ustozlar” shiori ostidagi ko'ngilochar tadbirlar bilan kutib olindi
BatafsilMohir oshpazlar tomonidan 6 ta ulkan doshqozonda tayyorlangan mazali osh kampusdagi TTJlarda istiqomat qilayotgan 3 000 nafarga yaqin talabalarimizga tarqatildi.
Batafsil© Termiz davlat universiteti