Termiz davlat universitetining Ichki tartib-qoidalari (ichki mehnat tartibi qoidalari)
(Ushbu yangi tahrirdagi ichki tartib-qoidalari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021 yil 29 noyabrdagi 506-sonli buyrug‘i 3-ilovasidagi namunaviy ichki tartib-qoidalari asosida ishlab chiqildi)
Mazkur Ichki tartib qoidalari (ichki mehnat tartibi qoidalari) (keyingi oʻrinlarda – Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni va boshqa oliy taʼlimga oid qonun va qonunosti hujjatlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan hamda oliy taʼlim muassasasidagi mehnat, oʻquv, ilmiy faoliyat va taʼlim-tarbiya jarayoniga oid boʻlgan munosabatlarni tartibga soluvchi lokal normativ hujjat hisoblanadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xodim – belgilangan yoshga yetgan hamda oliy taʼlim muassasasi bilan mehnat shartnomasini tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
mehnat shartnomasi – xodim bilan oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim boʻyicha ishni ichki mehnat tartibiga boʻysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek, mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuv;
professor-oʻqituvchilar – kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi, oʻqituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan xodimlar;
doktorant – oliy taʼlim muassasasiga tayanch doktorantura yoki doktoranturaga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs;
mustaqil izlanuvchi – oliy taʼlim muassasasiga mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs;
talaba – mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olish uchun oliy taʼlim muassasasiga belgilangan tartibda qabul qilingan hamda ilm-fan, tarbiyani qabul qiluvchi shaxs.
2. Ushbu Qoidalar Termiz davlat universitetining (keyingi oʻrinlarda – Universitet) ichki mehnat tartibi, oliy taʼlim muassasasi, rahbariyat, xodim, talaba, doktorant, mustaqil izlanuvchilarning burchlari, shuningdek, ishga qabul qilish, mehnat shartnomasini oʻzgartirish va mehnat shartnomasini bekor qilish, taʼlim va tarbiya jarayonini tashkil etish tartibi, mehnat va oʻquv intizomi, ish vaqti, dam olish vaqti va undan foydalanish, shu bilan birga ish va oʻqishdagi yutuqlar uchun ragʻbatlantirish, mehnat va oʻquv intizomini buzganlik uchun javobgarlik, oliy taʼlim muassasasi hududi va binolar ichidagi tartib hamda ish beruvchi bilan xodim, doktorant, mustaqil izlanuvchi va talabalar oʻrtasida yuzaga keladigan boshqa huquqiy munosabatlarga oid masalalarni tartibga soladigan asosiy ichki normativ hujjat hisoblanadi.
2-bob. Mehnat shartnomasini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish
1-§. Mehnat shartnomasini tuzish
3. Xodim bilan universitet oʻrtasidagi mehnat munosabatlari ular oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida vujudga keladi.
4. Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxs quyidagi hujjatlar:
doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan manzili koʻrsatilgan pasport yoki uning oʻrnini bosadigan boshqa hujjat;
mehnat daftarchasi (birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno);
harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilarga tegishli harbiy bilet yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma;
qonun hujjatlariga muvofiq bajarilishiga faqat maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslargina qoʻyilishi mumkin boʻlgan ishga kirish vaqtida ishga kiruvchining oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtini bitirganlik toʻgʻrisidagi diplomi, mazkur ishni bajarish huquqini beruvchi guvohnoma (chet davlatlar hududida olingan diplom Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan tegishli tartibda nostrifikatsiyalangan (ekvivalentligi qayd etilgan)ligi haqida tegishli guvohnomasi);
oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi oʻrniga asosiy ish joyidan olgan maʼlumotnomani taqdim etadi.
Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonun hujjatlarida koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati haqiqiy boʻlmasa, uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkin.
Kadrlar hisobini yuritish va ular haqida maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida ishga qabul qilingan xodim tomonidan Kadrlar boʻlimiga quyidagi hujjatlar topshiriladi:
soʻrovnoma;
tarjimayi hol;
maʼlumotnoma (obyektivka);
6 ta fotosurat (elektron varianti ham).
5. Taqdim etilgan mazkur Qoidalarning 4-bandi ikkinchi-oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hujjatlarning toʻliqligi tekshirib koʻrilgach, ishga kirayotgan shaxs tomonidan ariza yoziladi va oliy taʼlim muassasasi kanselyariyasida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Arizada ishga kiruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi toʻliq, qisqartirishsiz, ishga kirayotgan lavozimi esa shtat jadvalida belgilangan lavozimga mos holda yozilishi shart.
6. Ishga qabul qilinayotgan xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida quyidagilar haqida mehnat shartnomasi tuziladi:
xodim ishga qabul qilinayotgan lavozim va ish joyi;
mehnat shartnomasi muddati;
ishning boshlanish kuni;
taraflarning mehnat huquqlari va majburiyatlari;
ish vaqti hamda mehnat taʼtili berish tartibi;
mehnatga haq toʻlash tartibi;
mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa holatlar.
Mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati koʻrsatilmagan hollarda ushbu shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi.
Muddatli mehnat shartnomasini tuzish mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Ishga qabul qilinayotgan har bir xodim (shu jumladan, oʻrindoshlik asosida kiruvchilar) bilan mehnat shartnomasi bir xil yuridik kuchga ega boʻlgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuziladi va ular tomonlarning har biriga saqlash uchun topshiriladi.
Xodimning talabiga koʻra mehnat shartnomasi (kontrakt) u biladigan tilda tuziladi va davlat tilida tuzilgan shartnoma (kontrakt) bilan bir xil yuridik kuchga ega boʻladi.
Mehnat shartnomasida taraflarning manzillari koʻrsatiladi.
Mehnat shartnomasi xodim va oliy taʼlim muassasasi rektorining imzosi bilan tasdiqlanadi. Universitet rektorining imzosi oliy taʼlim muassasasi gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
8. Universitetning Kadrlar boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomiga muvofiq xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat munosabatlari (mehnat shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish, mehnat daftarchasini shakllantirish hamda yuritish va boshqalar) “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida roʻyxatga olinadi.
9. Qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi tomonlar imzolagan kundan boshlab qonuniy kuchga kiradi. Xodim mehnat shartnomasida koʻrsatilgan kundan boshlab mehnat vazifalarini bajarishga kirishadi. Agar mehnat shartnomasida ishning boshlanish kuni haqida shartlashilmagan boʻlsa, xodim mehnat shartnomasi imzolangan ish kuni (smena)ning ertasidan kechikmay ishga tushishi lozim.
10. Ish beruvchining ruxsati bilan ishga qabul qilishni tegishlicha rasmiylashtirmasdan turib ishga qoʻyilgan shaxs ishga tushgan birinchi kunidan boshlab mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.
11. Mehnat shartnomasi tuzilganidan keyin ish beruvchi mehnat shartnomasining mazmuniga muvofiq ravishda ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqaradi va buyruq bilan imzo qoʻydirgan holda xodimni tanishtiradi.
12. Universitet quyidagi hollarda ishga qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas:
a) ish beruvchining oʻzi tomonidan ishga taklif qilingan shaxslar;
b) nogironlar, oʻquv muassasalarning bitiruvchilari, uch va undan ortiq farzandlari bor yolgʻiz ota (ona), pensiya yoshiga yaqinlashgan shaxslar agar ular joylardagi davlat hokimiyati organi tomonidan muassasaga belgilangan eng kam miqdordagi ish oʻrinlari hisobidan ishga yoʻllanma boʻyicha mahalliy mehnat organlari tomonidan yuborilgan boʻlsa;
v) homilador ayollar va uch yoshgacha bolalari boʻlgan shaxslar;
g) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
13. Xodim ish beruvchidan ishga qabul qilishni rad etish sabablarini yozma ravishda asoslashni talab qilishga haqlidir. Ish beruvchi uch kun ichida unga yozma asos koʻrsatishi shart. Homilador ayollarga va uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarga ish beruvchining agar ular shunday talab bilan murojaat etmagan taqdirda ham ishga qabul qilishni rad etish sababi yozma ravishda tushuntiriladi. Ishga qabul qilish gʻayriqonuniy ravishda rad etilganda xodim belgilangan tartibda nazorat qiluvchi organ yoki sudga shikoyat qilishga haqlidir.
14. Ishga qabul qilish paytida mehnat shartnomasida dastlabki sinov toʻgʻrisida shartlashilgan boʻlishi mumkin. Bunday shartlashuv boʻlmagan taqdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi. Sinov toʻgʻrisidagi shart ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqda aks ettiriladi. Dastlabki sinov bilan ishga qabul qilingan xodimning mehnat daftarchasiga ishga qabul qilish haqidagi yozuv dastlabki sinov haqidagi shartlar koʻrsatilmagan holda kiritiladi.
Dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas. Dastlabki sinovning aniq muddati (uch oy doirasida) mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi asosida belgilanadi. Taraflar tomonidan belgilangan sinov muddati tugagunga qadar ish beruvchi (sinov natijasi qoniqarsiz boʻlgan taqdirda), shuningdek, xodim (mehnatga oid munosabatlarni davom ettirish istagi boʻlmagan taqdirda) ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Agar taraflar tomonidan belgilangan sinov muddati tugagunga qadar taraflardan birortasi mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilmasa, mehnat shartnomasining amal qilishi davom etadi va uni bundan keyin bekor qilishga umumiy asoslarda yoʻl qoʻyiladi.
Xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va uzrli sabablarga koʻra xodim ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga kiritilmaydi.
Dastlabki sinov davrida xodimga mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va oliy taʼlim muassasasi xodimlari uchun belgilangan mehnat shartlari toʻliq tatbiq etiladi.
Xodimni boshqa ishga oʻtkazishda sinov muddati belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Quyidagilar bilan mehnat shartnomasi tuzish davrida dastlabki sinov muddati qoʻllanilmaydi:
homilador ayollar, shuningdek, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari hamda oliy oʻquv yurtlarining tegishli taʼlim muassasasini tamomlagan kundan eʼtiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilar;
olti oygacha muddatga ishga qabul qilinayotganlar;
oliy taʼlim muassasasi uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar.
15. Oliy taʼlim muassasasiga ishga qabul qilish belgilangan tartibda tasdiqlangan nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
16. Ishga qabul qilish jarayonida yoki xodim uning roziligi bilan boshqa ishga oʻtkazilayotganda oliy taʼlim muassasasi:
unga yuklatilgan mehnat vazifalari doirasi, huquq va majburiyatlari, mehnat va mehnatga haq toʻlash shartlari;
mazkur Qoidalar, jamoa shartnomasi, lavozim yoʻriqnomasi va xodimning mehnat faoliyatiga oid boshqa hujjatlar;
universitetning Odob-axloq kodeksi;
oliy taʼlim muassasasining korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi (siyosati) bilan;
oliy taʼlim muassasasi xodim, talaba, oʻquvchi va doktorantlari tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilish toʻgʻrisidagi nizom;
mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalar bilan xodimni tanishtirishi lozim.
17. Oliy taʼlim muassasasida besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlarga Kadrlar boʻlimi tomonidan Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 402, 1998-yil 29-yanvar) qoidalariga muvofiq mehnat daftarchasi yuritiladi, oʻrindoshlik asosida ishlovchilar bundan mustasno.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2019-yil 5-dekabrdagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga asosan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish taʼminlanadi.
18. Ish beruvchi va oliy taʼlim muassasasining mansabdor shaxslari xodimdan uning mehnat majburiyatlariga kirmaydigan ishlarni bajarish, qonunga zid harakatlarni sodir etish, shuningdek, xodimning yoki boshqa shaxslarning hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, or-nomusi va shaʼnini kamsitadigan harakatlar sodir etishni talab qilishga haqli emas.
Oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlar bilan munosabatlar qonunchilik hujjatlari talablari, milliy anʼanalar va oʻzaro hurmat tamoyillariga asoslanishi lozim.
2-§. Mehnat shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish
19. Mehnat shartlarini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi talablari asosida amalga oshiriladi.
20. Xodim bir necha kasb va lavozimdagi ishlarni mehnat shartnomasida koʻrsatilgan oʻzining asosiy ishi bilan bir qatorda belgilangan ish vaqti davomida bajaradi.
21. Bir necha kasb va lavozimda ishlash muayyan yoki nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin. Kelishilgan muddat tugaganidan soʻng bir necha kasb va lavozimda ishlash haqida mazkur xodim bilan belgilangan shartlar bekor qilinadi. Bir necha kasb va lavozimda ishlash va uni bekor qilish mehnat shartnomasida aks ettiriladi va oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
22. Mehnat shartnomasi faqat Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha va unda belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
23. Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish niyatida ekanligi haqida ikki hafta oldin ariza bilan ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirishi shart. Ogohlantirish muddati ariza roʻyxatga olingan sanadan qatʼi nazar, ariza berilgan kunning ertasidan boshlanadi.
Xodim tomonidan berilgan ariza u berilgan kun va keyingi kundan kechiktirmay oliy taʼlim muassasasi rektoriga taqdim etiladi.
Xodimning arizasi uzrli sabablarga koʻra ishni davom ettirishning imkoni yoʻqligi bilan bogʻliq boʻlsa, u berilgan kunda oliy taʼlim muassasasi rektori (rektor boʻlmaganda uning oʻrnini bosuvchi shaxs)ga taqdim etiladi.
Quyidagilar uzrli sabablar jumlasiga kiradi:
harbiy xizmatni oʻtash;
oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilinganlik;
pensiyaga chiqqanlik;
saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanish yoki yuqori turuvchi idoralar nomenklaturasi (lavozimlar roʻyxati)ga kiruvchi lavozimlarga tayinlanish;
xodim yoki uning parvarishiga muhtoj boʻlgan yaqin qarindoshlari sogʻligining TMEK yoki TMK tomonidan berilgan tibbiy xulosaga muvofiq holati;
ushbu lavozimda ishlashni davom ettirishning imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi boshqa uzrli sabablar.
24. Xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida istalgan vaqtda, jumladan, vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik davri, taʼtil, xizmat safari davrida ariza berishga haqli. Sanab oʻtilgan ana shu davrlarning barchasi mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirish muddati davriga kiritiladi.
Ogohlantirish muddati davrida mehnat shartnomasining shartlari taraflar tomonidan odatdagi tartibda bajarilishi davom ettiriladi.
25. Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek, muddatli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra uning muddati tugashidan oldin bekor qilishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
oliy taʼlim muassasasi faoliyatida mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmi qisqarganda yoxud tegishli tarkibiy boʻlinmalar tugatilganda;
xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi yoki sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlib qolganda;
xodim oʻz mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganda (avval mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼsir choralari qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojoʻya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi);
xodim oʻz mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganda;
oʻrindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi munosabati bilan, shuningdek, mehnat shartlariga koʻra oʻrindoshlik ishi cheklanishi sababli oʻrindoshlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
xodim pensiya yoshiga toʻlganda;
qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud boʻlganda.
26. Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, muassasa butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.
27. Mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan bir marta qoʻpol buzishga quyidagilar kiradi:
ijro intizomini buzish (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, farmonlari, farmoyishlari va topshiriqlarida, Hukumat qarorlari va farmoyishlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hayʼatining qarorlari, buyruqlari va koʻrsatmalarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda taʼminlamaganlik);
ishga uzrli sabablarsiz kelmaslik (ishda uzrli sabablarsiz ish kuni mobaynida uzluksiz yoki ishda boʻlmagan vaqtni jamlab hisoblaganda 3 (uch) soatdan koʻproq vaqt boʻlmaganlik), professor-oʻqituvchilar uchun dars jadvaliga koʻra bir ish kuni mobaynida dars jadvalida belgilangan dars mashgʻulotlarini oʻz vaqtida boshlamaslik yoki ishtirok etmaslik;
ishga alkogolli ichimlik, giyohvandlik (psixotrop) moddasi taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mastlik holatida kelish;
oliy taʼlim muassasasining mol-mulkiga zarar yetkazish yoki uni turli xil usullar bilan talon-taroj qilish (shu jumladan, oʻgʻirlash);
xodim tomonidan mansab (xizmat) vazifasi (vakolati)ni suiisteʼmol qilishi (lavozimi boʻyicha berilgan vakolatlardan xizmat manfaatlariga zid ravishda foydalanish) va gʻayriaxloqiy koʻrinishdagi, oliy taʼlim muassasasi xodimi degan nomga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlarni sodir etish;
xotin-qizlarga tegajogʻliq qilish, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etish, tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik qilish, huquqlarini boshqacha tarzda poymol qilish;
asossiz yoki gʻayriaxloqiy xatti-harakatlari, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan universitetning ishchanlik obroʻsi
va manfaatlariga putur yetkazish yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlgan
xatti-harakatlarni sodir etish;
muassasa xodimlarining, jumladan, oʻzining hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan tarzda texnika xavfsizligi, sanitariya qoidalarini qoʻpol ravishda buzish;
xodimlar tomonidan vazifalarini bajarishda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablarini qoʻpol ravishda buzish, yaʼni xodim:
uni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga koʻndirish maqsadida biror-bir shaxs oʻziga murojaat etganligiga doir barcha hollar toʻgʻrisida, shuningdek, davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga oʻxshash huquqbuzarliklarning oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan har qanday faktlari haqida oʻz rahbarlari, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etmasligi;
oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda yoki jismoniy va yuridik shaxslardan ularning manfaatlarini koʻzlagan holda muayyan harakatni bajarishi yoki bajarmasligi evaziga bevosita oʻzi yoki vositachi orqali pul, qimmatli qogʻozlar, moddiy boyliklar, sovgʻalar, ssudalar, mulkiy mohiyatga molik boʻlgan xizmatlar olishi;
boʻysunuvidagi xodimning noqonuniy qarorlar qabul qilish yoki korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etishga majbur etishi;
xizmat koʻrsatilishi uchun fuqarolarga belgilangan toʻlovlardan mansabidan foydalangan holda ozod boʻlish orqali mulkiy foyda olishi yoki boshqacha tarzda imtiyozlarga ega boʻlishga qaratilgan harakatga yoʻl qoʻyishi;
boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar, jumladan, mansab yoki xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq hamda korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan holatlar toʻgʻrisida tegishli tarkibiy boʻlinma rahbariga xabar bermasligi;
muassasa tomonidan oʻtkazilayotgan oʻrganish (tekshirish) guruhi rahbari oʻrganish (tekshirish)da qatnashayotgan xodimlar tomonidan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq xabar kelib tushgan taqdirda bu haqida yuqori turuvchi mansabdor shaxsga yetkazmasa hamda salbiy oqibatlar kelib chiqishining oldini olish choralarini koʻrmasa;
xodimning ongli ravishda vazirlik tizimida manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qasddan yashirishi yoki oʻz vaqtida toʻliq oshkor qilmasligi natijasida xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmasligiga olib kelsa yoki oliy taʼlim muassasasining qonuniy manfaatlari buzilsa.
28. Ish beruvchi tomonidan mazkur Qoidalarning 27-bandida koʻrsatilgan asoslarga koʻra xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasining oliy taʼlim muassasasi Kasaba uyushmasi qoʻmitasi roziligini olmasdan bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilikda koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.
Kasaba uyushmasi qoʻmitasining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi boʻyicha qabul qilgan qarori haqida ish beruvchiga yozma ravishda xabar berishi kerak, bunday xabar ish beruvchining yozma taqdimnomasi olingan kundan boshlab oʻn kunlik muddat ichida maʼlum qilinadi.
Ish beruvchi kasaba uyushmasi qoʻmitasining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir.
29. Mehnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Shu kuni oliy taʼlim muassasasi xodimga uning mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida buyruq nusxasini beradi hamda u bilan hisob-kitob qilinadi.
3-bob. Ish vaqti, dam olish vaqti hamda ulardan foydalanish
30. Xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
31. Oliy taʼlim muassasasi xodimlari uchun har kungi ish vaqtining boshlanishi va tamom boʻlishi hamda dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti quyidagicha belgilanadi:
har kuni – soat 8.00 dan 16.00 gacha;
shanba kuni – soat 8.00 dan 14.00 gacha;
kundalik tushlik tanaffus – 12.00 dan 13.00 gacha.
Shuningdek, professor-oʻqituvchilarning ish vaqti jamlab hisoblanadigan ish vaqti rejimida belgilanadi.
Umumiy dam olish kuni –yakshanba.
32. Zarurat tugʻilganda ish kuni rejimi Kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
33. Professor-oʻqituvchilar uchun ish vaqtining qisqartirilgan vaqti
va ish kuni haftasiga 36 soatlik qilib belgilanadi hamda oʻquv mashgʻulotlari jadvaliga koʻra tartibga solinadi.
34. Professor-oʻqituvchilar faoliyatini ish kuni davomida barcha turdagi oʻquv, ilmiy-metodik, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-metodik, maʼnaviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar rejasi asosida amalga oshiradi.
35. Professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquv mashgʻulotlari jadvali, ish rejasi va navbatchilik jadvalining bajarilishi oʻquv ishlari boʻyicha prorektor – oliy taʼlim muassasasi qoshidagi akademik litsey direktori, tegishliligi boʻyicha fakultet dekani va uning oʻrinbosari hamda kafedra mudiri tomonidan nazorat qilib boriladi.
36. Quyidagi xodimlarga ham ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi:
16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan xodimlar – haftasiga 36 soat;
I va II guruh nogironlari – haftasiga 36 soat.
37. Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan ishga qabul qilish chogʻida ham, keyinchalik ham toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi, masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish jadvali yoki uyda ishlash rejimiga oʻtkazish belgilab qoʻyilishi mumkin.
Ish beruvchi homilador ayolning, 14 yoshga toʻlmagan (16 yoshga toʻlmagan nogiron) bolasi bor ayolning, jumladan, homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, tibbiy xulosaga muvofiq, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ularga toʻliqsiz ish vaqti belgilaydi.
38. Ish vaqtidan tashqari xodimlarni ishga jalb etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
39. Yillik taʼtillarning muddati, ular uchun haq toʻlash va ularni hisoblab chiqarish, shuningdek, taʼtil olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
40. Xodimning arizasiga binoan unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi mumkin, uning muddati tomonlarning kelishuviga binoan belgilanadi, lekin u oʻn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʻlmasligi kerak.
41. Har yilgi asosiy taʼtil quyidagicha beriladi:
birinchi ish yili uchun olti oy ishlagandan keyin (qonunda koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno);
ikkinchi va undan keyingi ish yillari uchun taʼtillar jadvaliga muvofiq ish yilining istalgan vaqtida (qonunda koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno).
Taʼtildan foydalanishning jadvalda belgilangan vaqti xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
42. Xodimning yozma arizasiga binoan taʼtil qismlarga boʻlinishi mumkin. Bunda taʼtilning bir qismi oʻn ikki ish kunidan kam boʻlmasligi lozim.
43. Taʼtildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yilida beriladi yoki taʼtilni boshqa muddatga koʻchirish qoidalariga rioya etilgan holda keyingi yilga koʻchiriladi.
44. Xodimlarning xohishiga koʻra yillik taʼtilning eng kam muddatidan (oʻn besh ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya toʻlanishi mumkin.
Taʼtil berish vaqti haqida xodim taʼtil boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin xabardor qilinishi kerak.
Taʼtil uchun haq toʻlash taʼtil boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshirilishi lozim.
45. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda, jumladan, uning muddati tamom boʻlishi munosabati bilan ham, xodimning xohishiga koʻra, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq yillik taʼtillarni berib, undan keyin mehnat shartnomasini bekor qilish hollari nazarda tutilishi mumkin. Bu holda taʼtil tugagan kun mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan taʼtil davrida xodim mehnat shartnomasi va uning tashabbusi bilan bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini basharti mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirishning qonun yoki taraflarning kelishuvi bilan belgilangan muddati tugagan boʻlsa, qaytarib olishga haqli emas.
4-bob. Taʼlimni tashkil etish tartibi, mehnat va oʻquv intizomi
46. Oliy taʼlim muassasasida oʻquv yili, qoida tariqasida,
2-sentyabrdan boshlanadi. Oʻquv mashgʻulotlari oʻquv reja va oʻquv dasturlariga mos ravishda tuzilgan dars jadvallariga asosan olib boriladi.
47. Oʻquv mashgʻulotlari dars jadvali elektron oliy taʼlim muassasasi taʼlim platformasida semestr uchun tuzilib, tegishli tartibda tasdiqlanadi va semestr boshlanishidan oldin talabalar, professor-oʻqituvchilar, fakultet dekanatlari va boshqa tuzilmalarga yuboriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi topshiriqlari, oliy taʼlim muassasasi Kengashi qarorlari, Oʻquv-uslubiy boshqarma tavsiyasiga binoan fakultativ mashgʻulotlar alohida jadval asosida oʻquv jarayoniga kiritilishi mumkin.
48. Talabalarga oʻquv yili davomida ikki marotaba umumiy davomiyligi 8-10 haftaga teng boʻlgan taʼtillar beriladi.
49. Oliy taʼlim muassasasida akademik soatning davomiyligi
40 daqiqa deb belgilangan va 80 daqiqadan iborat tanaffussiz qoʻshma dars joriy etiladi. Har bir dars mashgʻulotlari oʻrtasida 10 daqiqa tanaffus beriladi.
50. Oʻqish 2 smenadan iborat tartibda tashkil etilganda, smenalar orasidagi tanaffus 40 daqiqa etib belgilanadi.
51. Oʻquv yili ikki semestrga boʻlinadi, ulardan har biri talabalar oʻzlashtirishi natijalarining yakunlanishi bilan tugallanadi.
52. Oliy taʼlim muassasasi jamoat, tashkiliy va maʼmuriy ishlarni bajarishda koʻmaklashish, talabalarning oʻzini oʻzi boshqarish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish uchun fakultet dekanati tomonidan guruh sardorlari ular saylangunga qadar vaqtinchalik vazifasini bajarish uchun tayinlanadi.
Guruh sardorlari oʻzining ish faoliyatini oliy taʼlim muassasasi Ustavi, mazkur Qoidalar, oliy taʼlim muassasasining boshqa ichki lokal hujjatlari asosida olib boradi. Guruh sardorlari guruh murabbiyi (tyutori)ning tavsiyasiga koʻra guruhning umumiy yigʻilishida ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Birinchi kursda guruh sardorlari fakultet dekani tomonidan vaqtinchalik vazifasini bajarishga tayinlanadi, keyinchalik bir oy ichida guruhning umumiy yigʻilishida ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
53. Guruh sardori oʻz arizasiga muvofiq yoki zimmasiga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarmaganligi, guruh sardori obroʻsiga putur yetkazadigan xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun fakultet dekanining taqdimiga koʻra muddatidan oldin vazifasidan ozod etilishi mumkin.
Guruh sardorlari quyidagi vazifalarni bajaradi:
yigʻilishlarda talabalar nomidan ishtirok etish;
oʻquv-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish yuzasidan fakultet dekanatiga takliflar kiritish;
professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻtkazilayotgan oʻquv mashgʻulotlari sifati va talabalarning bilimini obyektiv baholash yuzasidan talabalarning fikr-mulohazalarini fakultet dekanatiga yetkazish;
oliy taʼlim muassasasining ilmiy va jamoat ishlarida faol qatnashayotgan talabalarni ragʻbatlantirish yuzasidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oliy taʼlim muassasasi boshlangʻich tashkiloti, oliy taʼlim muassasasi kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki fakultet dekanatiga takliflar kiritish;
ushbu Qoidalarda belgilangan majburiyatlarni bajarmayotgan talabalarga nisbatan chora koʻrish yuzasidan fakultet dekanati, oliy taʼlim muassasasi Kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oliy taʼlim muassasasi boshlangʻich tashkilotiga takliflar kiritish.
54. Oliy taʼlim muassasasi rahbar xodimlari, professor-oʻqituvchilari va boshqa xodimlari, doktorantlari va talabalari mazkur Qoidalar, oliy taʼlim muassasasi Ustavi, oliy taʼlim muassasasining Odob-axloq kodeksi, oliy taʼlim muassasasining korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi (siyosati), oliy taʼlim muassasasi xodim, talaba, oʻquvchi va doktorantlari tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilish toʻgʻrisidagi nizom, oliy taʼlim muassasasi Kengashi qarorlari, rektor buyruqlari, lavozim yoʻriqnomasi, tarkibiy boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlar va boshqa lokal normativ hujjatlarda belgilangan talablarga qatʼiy rioya etishlari shart.
55. Mazkur Qoidalarning 54-bandida koʻrsatilgan talablardan tashqari:
a) xodimlar va talabalar:
talaba oʻquv mashgʻulotlariga uzrli sabablarga koʻra qatnasha olmagan holda bu haqida darhol fakultet dekanini xabardor qilib, asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etish;
oliy taʼlim muassasasi faoliyat samaradorligiga daxldor boʻlish hamda uning rahbariyati (rektor, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, tarkibiy boʻlinma rahbarlari) haqida maʼlumotga ega boʻlish;
uzrli sabablarga koʻra ish (oʻqish)ga kelmagan xodim (talaba) tarkibiy boʻlinma rahbari (fakultet dekani) yoki Kadrlar boʻlimini ogohlantirish hamda ish (oʻqish)ga chiqqan kuni asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etish;
texnika xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, yongʻindan saqlash qoidalari va meʼyorlariga rioya etish;
oliy taʼlim muassasasi rahbariyatining roziligisiz oʻquv binosi va auditoriyalarga turli jihozlarni, begona shaxslarni olib kirmaslik va olib chiqmaslik;
b) doktorant (mustaqil izlanuvchi va izlanuvchilar):
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil
22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablari va Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisidagi nizom qoidalariga qatʼiy rioya qilish;
doktorlik dissertatsiya ishini tayyorlashning yakka tartibdagi ish rejasiga ega boʻlish va uni toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarish;
doktorlik dissertatsiyasini muddatida tayyorlash va Ilmiy kengashga himoya uchun taqdim etish;
biriktirilgan tarkibiy boʻlinma bilan doimiy aloqada boʻlish, tarkibiy boʻlinmaning faoliyati yoʻnalishi bilan bogʻliq ishlarda ishtirok etish;
uzrli sabablarga koʻra oʻqishga kelmagan doktorant Ilmiy boʻlim va biriktirilgan tarkibiy boʻlinma rahbarini ogohlantirish hamda oʻqishga kelgan kunida asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etish;
oliy taʼlim muassasasida haftasiga 20 soat boʻlish (xizmat safari hamda ruxsat etilgan xorij safarlarida boʻlish, aloqa xatlariga asosan boshqa tashkilotlarda tadqiqot olib borish bundan mustasno);
oliy taʼlim muassasasi va boshqa muassasalarda oʻtkaziladigan anjumanlarda ishtirok etish, shuningdek, boshqa mutasaddi tashkilotlardan kelgan ilmiy tadqiqotlar boʻyicha hujjatlar ijrosini taʼminlash va qonun loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish;
oliy taʼlim muassasasi rektori, prorektorlar, fakultet dekanlari hamda tegishli tarkibiy boʻlinmalarning rahbarlari tomonidan berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
davlat, jamiyat va jamoat manfaatlariga doir harakatlar qilganda, vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlganda, akademik taʼtil olish uchun asoslar vujudga kelganda hamda boshqa uzrli sabablar mavjudligida boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi rahbarni xabardor qilishga majbur.
56. Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
57. Oliy taʼlim muassasasiga xorijdan hamda respublikaning uzoq shahri va viloyatlaridan kelib taʼlim olayotgan talabalar belgilangan mezonlar asosida komissiya xulosasiga koʻra hamda oliy taʼlim muassasasi rektorining tegishli buyrugʻiga asosan Talabalar turar joylariga joylashtiriladi.
58. Talabalar turar joylariga joylashish uchun talaba ariza bilan murojaat qiladi hamda tegishli hujjatlarni ilova qiladi. Mazkur murojaat oʻrnatilgan tartibda oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan tasdiqlangan komissiya tomonidan hamda belgilangan mezonlar asosida koʻrib chiqiladi.
59. Talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi talabalar, qoida tariqasida, belgilangan tartibda vaqtincha hisobga olinadi.
60. Talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi talabalar Talabalar turar joylari toʻgʻrisidagi nizom, mazkur Qoidalar hamda Talabalar turar joylari xona va jihozlaridan foydalanish boʻyicha lokal hujjat va shartnomalarda belgilangan huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni bajaradi.
5-bob. Binolar ichidagi tartib
61. Oʻquv binolarini zarur jihozlar (mebel, oʻquv uskunalari va boshqalar) bilan taʼminlanishi uchun oliy taʼlim muassasasining moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektori masʼul hisoblanadi.
62. Bino ichiga kirish xizmat ruxsatnomalari, elektron ruxsatnoma, vaqtinchalik ruxsatnoma va talabalik guvohnomalari hamda shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
63. Ish vaqti tugagandan soʻng xona va auditoriyalarning kaliti bino xavfsizligini taʼminlovchi oliy taʼlim muassasasiga biriktirilgan qoʻriqlash xizmati xodimiga maxsus jurnalga imzo qoʻyish orqali topshiriladi.
64. Bino xavfsizligini taʼminlovchi oliy taʼlim muassasasiga biriktirilgan qoʻriqlash xizmati xodimi ish vaqti tugagandan soʻng yongʻin va texnika xavfsizligini taʼminlash maqsadida elektr yoritkichlar oʻchirilganligi, deraza va eshiklar qulflanganligi, xodim va talabalarning oʻz vaqtida binodan chiqib ketganligini tekshirib chiqadi.
6-bob. Ish va oʻqishdagi yutuqlari uchun ragʻbatlantirish
65. Xodimlar quyidagi shakllarda ragʻbatlantiriladi:
davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga tavsiya etish toʻgʻrisida boʻysunuvchi vazirlik, idora yoki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taklif kiritish;
mehnat faoliyatida alohida oʻrnak koʻrsatayotganligi uchun faxriy yorliqlar va boshqa turdagi mukofotlarga tavsiya etish;
oliy taʼlim muassasasi faoliyat samaradorligiga munosib hissa qoʻshib belgilangan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarib kelayotgan xodim va talabalarni oliy taʼlim muassasasi rektorining faxriy yorligʻi hamda turli nominatsiyadagi diplomlari bilan taqdirlash;
yubiley sanalari munosabati bilan moddiy ragʻbatlantirish, sovgʻalar berish;
kasb bayrami munosabati bilan bir yoʻla beriladigan mukofotlar;
bayram sanalari munosabati bilan beriladigan mukofotlar va boshqa shakllardagi ragʻbatlantirish choralari.
66. Ish haqi, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mehnatga oid qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar mazkur Qoidalarda belgilangan ragʻbatlantirish turlariga kirmaydi.
67. Talabalar oʻqishda yuqori koʻrsatkichlarga erishganligi, ilmiy-tadqiqot ishlari va oliy taʼlim muassasasi ijtimoiy hayotida faol ishtiroki uchun quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
tashakkurnoma eʼlon qilish;
pul mukofoti yoki qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlash;
faxriy yorliq, darajali va turli nominatsiyali diplomlar bilan taqdirlash.
Shu bilan birga, talabalarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy taʼlim muassasasi miqyosida oʻtkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari gʻoliblari, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (ota-onasining vafoti, nogironligi, ijtimoiy himoyaga muhtojligi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda boʻlgan bir martalik ragʻbatlantirish yoki moddiy yordam toʻlovi berilishi mumkin.
68. Talabalarni ragʻbatlantirish oliy taʼlim muassasasining yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori, Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi, fakultet dekanlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi taqdimnomasi yoki tavsiyanomasi, Stipendiya komissiyasi qarori asosida oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻiga muvofiq amalga oshiriladi.
7-bob. Mehnat va oʻquv intizomini buzganlik uchun javobgarlik
69. Oliy taʼlim muassasasi xodimga mehnat intizomini birinchi marta buzgani uchun yoki huquqbuzarlikni ehtiyotsizlikdan sodir etgan taqdirda quyidagi taʼsir choralarini qoʻllashi mumkin:
ogohlantirish;
bir martalik mukofotdan mahrum qilish (agar mukofotlashga oid lokal hujjatlarda nazarda tutilgan boʻlsa);
ragʻbatlantirishdan mahrum qilish.
70. Mehnat intizomini buzganligi uchun oliy taʼlim muassasasi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:
hayfsan;
oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima;
mazkur Qoidalarning 27-bandida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima (xodimning ish haqidan jarima ushlab qolish mehnatga oid qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi);
3) mehnat shartnomasini bekor qilish.
Ushbu bandda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qoʻllash taqiqlanadi.
71. Intizomiy jazo va taʼsir chorasini qoʻllash oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi. Aynan bitta mehnat intizomini buzganlik uchun ham intizomiy, ham taʼsir chorasi qoʻllanilishi mumkin emas.
72. Intizomiy jazo chorasi sifatida jarima ilgari mazkur xodimga sodir etilgan nojoʻya xatti-harakati uchun hayfsan berilgani yoki berilmaganidan qatʼi nazar qoʻllaniladi.
73. Intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinadi. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning sodir qilgan nojoʻya xatti-harakati uchun jazo qoʻllashga toʻsiq boʻla olmaydi. Xodim mehnat intizomini buzganlik xususida tushuntirish xati berishdan bosh tortganligi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Intizomiy jazoni qoʻllashda sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning qay darajada ogʻirligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
74. Intizomiy jazo choralari bevosita nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab uzogʻi bilan bir oy ichida qoʻllaniladi. Bir oylik muddatga xodimning kasal yoki taʼtilda boʻlgan vaqti qoʻshilmaydi.
75. Nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy oʻtganidan, moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa sodir etilgan kundan boshlab ikki yil oʻtganidan keyin jazoni qoʻllab boʻlmaydi. Jinoiy ish boʻyicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.
76. Intizomiy jazo berilganligi toʻgʻrisidagi buyruq xodimga maʼlum qilinib, tilxat olinadi. Xodim tilxat berishdan bosh tortgan holda tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
77. Har bir nojoʻya xatti-harakat uchun xodimga nisbatan faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanishi mumkin.
78. Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qoʻllanilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketishi mumkin emas. Agar xodim shu muddat ichida intizomiy jazoga tortilmasa, jazo eʼlon qilinganidan keyin bir yil oʻtgach, u intizomiy jazo olmagan deb hisoblanadi. Bunday hollarda intizomiy jazoni olib tashlash toʻgʻrisida buyruq chiqarilmaydi.
79. Intizomiy jazo rektor tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan yoki xodimning bevosita rahbari iltimosiga koʻra bir yil oʻtmasdan oldin ham olib tashlanishi mumkin. Xodimdan intizomiy jazo muddatidan oldin olib tashlanishi oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
80. Intizomiy jazo ustidan xodim mehnatga oid qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
81. Xodim tomonidan oliy taʼlim muassasasi va uning mol-mulkiga bevosita toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazilganda intizomiy jazo qoʻllanilganligidan qatʼi nazar, qonunchilikda belgilangan tartibda moddiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.
82. Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilmaydi.
83. Mazkur Qoidalar, oliy taʼlim muassasasi Odob-axloq kodeksi, oliy taʼlim muassasasining korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi (siyosati), oliy taʼlim muassasasi xodim, talaba, oʻquvchi va doktorantlari tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilish toʻgʻrisidagi nizom, oliy taʼlim muassasasi Ustavi, oliy taʼlim muassasasi Kengashi qarorlari, rektor buyruqlari, lavozim yoʻriqnomasi, tarkibiy boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlar va boshqa lokal normativ hujjatlarda belgilangan talablarni buzganligi uchun:
a) talabalarga:
oliy taʼlim muassasasidan chetlashtirish;
hayfsan;
uzrsiz sabablarga koʻra darslarni 12 soatdan 30 soatgacha qoldirgan talaba, qoida tariqasida, fakultet dekani tomonidan unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi toʻgʻrisida rasman ogohlantirish;
uzrli sabablarsiz 30 soat va undan koʻp dars qoldirgan talabaga nisbatan, qoida tariqasida, hayfsan intizomiy jazo chorasi;
b) doktorantga:
hayfsan;
doktoranturadan chetlashtirish taʼsir chorasi qoʻllaniladi.
Intizomiy jazo choralari nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan keyin bir oy ichida, sodir etilgan kundan boshlab olti oy ichida talaba (doktorant)ning kasal yoki taʼtilda boʻlgan vaqtini hisobga olmagan holda qoʻllaniladi, shuningdek, kasal, taʼtil, akademik taʼtil yoki homiladorlik va tugʻish taʼtilida boʻlgan davrda oliy taʼlim muassasasi (doktorantura)dan chetlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qoʻllanilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketishi mumkin emas. Agar talaba yoki doktorant shu muddat ichida intizomiy jazoga tortilmasa, jazo eʼlon qilinganidan keyin bir yil oʻtgach, u intizomiy jazo olmagan deb hisoblanadi. Bunday hollarda intizomiy jazoni olib tashlash toʻgʻrisida buyruq chiqarilmaydi.
Talaba yoki doktorantga qoʻllanilgan intizomiy jazo uning namunaviy xulq-atvori, oʻqishidagi yuqori koʻrsatkichlari, ilmiy-tadqiqot ishlari yoki oliy taʼlim muassasasi ijtimoiy hayotida faol ishtiroki uchun tegishli fakultet dekani, Magistratura boʻlimi boshligʻi yoki Ilmiy boshqarma boshligʻi bildirgisiga asosan rektorning buyrugʻi bilan bir yil oʻtmasdan oldin ham olib tashlanishi mumkin.
84. Oliy taʼlim muassasasi talabalari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida oliy taʼlim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) oʻz xohishiga binoan;
b) oʻqishning boshqa taʼlim muassasasiga koʻchirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
g) oʻquv intizomi va oliy taʼlim muassasasining Odob-axloq kodeksi hamda ushbu Qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
ye) oʻqish uchun belgilangan toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (toʻlov-kontrakt boʻyicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) sud qaroriga koʻra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
i) vafot etganligi sababli.
85. Oliy taʼlim muassasasi tashabbusi bilan talabalarni oʻqishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi aʼzosi boʻlgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Qoidalarning 84-bandining “g” kichik bandiga koʻra chetlashtirilayotgan paytda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
86. Intizomiy jazoga tortilgan talaba oʻziga qoʻllanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
87. Talabaga nisbatan qoʻllanilgan intizomiy jazo yuzasidan maʼlumot uning shaxsiy hujjatlar toʻplamida saqlanadi.
88. Talaba oliy taʼlim muassasasidan chetlashtirilganda unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma beriladi va uning nusxasi shaxsiy yigʻmajildga tikib qoʻyiladi.
89. Harbiy xizmatni oʻtash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tugʻish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish taʼtillari davrida talabaga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akademik taʼtil berilishi mumkin.
8-bob. Alohida qoidalar
90. Karantin yoki shu kabi xodim oʻz mehnat vazifalarini ish joyi (oliy taʼlim muassasasi binosi)da amalga oshirishni imkoni boʻlmaganda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda cheklovlar oʻrnatilgan hollarda ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlash rejimiga oʻtkazishi mumkin. Bunda:
xodimning mehnat majburiyatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jihozlar va/yoki texnika vositalari zaruriyatga koʻra xodimning yozma talabiga muvofiq ish beruvchi tomonidan taʼminlanadi;
ish beruvchi tomonidan xodimga berilgan jihozlar va texnikalar xodimning aybi bilan buzilganda yetkazilgan zarar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq xodim tomonidan ish beruvchiga qoplab beriladi;
xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarish uchun shaxsiy jihozlar va/yoki texnika vositalaridan, shuningdek, aloqa vositalari, jumladan, internet tarmogʻidan foydalangan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmagan miqdorda xarajatlar ish beruvchi tomonidan xodimga qoplab beriladi;
ishlab chiqarish zaruriyati tugʻilganda ish beruvchi xodimni bir kun oldin aloqa vositalari orqali ogohlantirib, uni buyruq asosida doimiy ish joyiga oʻtkazadi;
xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi elektron hujjat almashish yoʻli orqali aloqalar oliy taʼlim muassasasining ichki lokal hujjatlari hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
masofaviy ish usuli (uyda ishlash)ga oʻtkazilgan xodimning taʼtillar jadvaliga muvofiq mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlarida va oliy taʼlim muassasasi jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlanib qolinadi.
Masofadan ish deganda xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatilgan mehnat majburiyatlarini ish beruvchining joylashgan hududidan tashqarida, bevosita yoki bilvosita nazoratida boʻlgan doimiy ish joyi, hudud yoki obyektdan tashqarida bajariladigan ish usuli tushuniladi.
91. Masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtish huquqidan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.
92. Xodimni masofaviy ishga vaqtinchalik oʻtkazishda ish beruvchi tomonidan vaqtinchalik masofaviy ish rejimiga oʻtkazish haqida muddati koʻrsatilgan buyruq chiqariladi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
93. Oliy taʼlim muassasasi rektori va prorektorlari tomonidan fuqarolarni qabul qilish tegishli tartibda tasdiqlangan jadval asosida amalga oshiriladi.
94. Mazkur Qoidalar bilan barcha ishga kiruvchilar va talabalar imzo orqali xodimlar boʻlimi tomonidan tanishtiriladi.
95. Har bir xodim qonun hujjatlari, mazkur Qoidalar, oliy taʼlim muassasasining boshqa ichki hujjatlari va mehnat shartnomasida belgilangan huquqlarini qonunchilikda nazarda tutilgan vositalar va usullar orqali himoya qilishga, oʻzining huquqlari buzilgan deb hisoblaganda mustaqil ravishda yoki oliy taʼlim muassasasi Kasaba uyushmasi qoʻmitasi orqali ish beruvchiga murojaat qilishga haqlidir. Ushbu murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, natijasi haqida xodimga maʼlum qilinadi.
Xabaringiz bor, bir necha yillardan buyon Oliy ta’lim muassasalarining talabalari o‘rtasida turli yo‘nalishlar bo‘yicha “Eng faol yil talabasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
BatafsilO‘zbekiston Respublikasida Xalqaro Ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining filiali TerDU talabalarga Toshkentdagi mahalliy va xalqaro kompaniyalarda yozgi amaliyot o‘tash orqali o‘z kasbiy mahoratini oshirish imkoniyatini taklif etmoqda.
Batafsil© Termiz davlat universiteti