O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 martdagi №101-F farmoyishiga muvofiq, 2022 yil 19-21 may kunlari Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda akademik A.Gʻ.Gʻaniyev va akademik N.A.Parpiyev xotirasiga bag‘ishlangan “Kompleks birikmalar kimyosi va analitik kimyo fanlarining dolzarb muammolari” nomli Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kimyo sohasidagi bunday nufuzli tadbirning Termiz davlat universitetida o‘tkazilishi bejiz emas. So‘nggi besh yilda Kimyo fakultetida 19 ta dissertasiya himoyalari amalga oshirildi. 12 ta ilmiy unvonlar tasdiqlandi. 2022 yilda 6 nafar tadqiqotchi dissertasiya himoyalari amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirda fakultetda 3 ta fan doktori, professor, 12 ta fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), dosent faoliyat yuritishmoqda. 3 ta ixtisoslik bo‘yicha 2 ta ilmiy darajalar himoya qilinadigan ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Ilmiy-tadqiqot sohalari bo‘yicha amaliy va innovatsion loyihalar ustida ish olib borilmoqda
Konferensiyani Termiz davlat universiteti O`quv ishlari bo`yicha prorektor To`rayev Rasul Nortojiyevich kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ochilish marosimi Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha oʼrinbosari Safarov Ilhom Ochilovichning tabrik so‘zi bilan davom etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi S.S.Negmatov va professor H.T.Sharipovlar ham samimiy tabrik so‘zlarini bildirishdi hamda konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilashdi.
Ushbu Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti, Bioorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar innovasiya markazi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti kabi respublikamiz ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birga xorijiy ilmiy markazlar, jumladan Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Italiya va Rossiyaning yetakchi ilmiy markazlari olimlarining ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya yalpi majlisida tarkibida azot, fosfor, oltingugurt bo‘lgan immobillangan ligandlarning nodir metallar bilan koordinasion birikmalari, aralash ligandli ikki yadroli metallokomplekslar sintezi va tadqiqoti, platinoidlarning eritmalarda kompleks hosil qilish mexanizmi, sanoat ikkilamchi xom ashyosi asosida kationitlar sintezi, nanokompozit elektrodlarni ishlab chiqarish va qo‘llash, zaharli va portlovchi gazlarni aniqlovchi yarimo‘tkazgichli sensorlar yaratish, ekologik havfsiz bioaktiv birikmalar-atranlar ishlab chiqish va tadqiq qilish, oldindan ishlov berish jarayonini optimallashtirish: sintetik va tabiiy koagulyantlarga e’tibor qaratgan holda koagulyasiya va flokulyasiya, biosensor qurilmalarida kremniy organik hosilalari asosidagi oksidlanish-qaytarilish faol polimerlardan foydalanish mavzularida ma’ruzalar qilindi.
Bu kabi ma’ruzalar kimyo fanining hozirgi va kelgusidagi taraqqiyoti uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Bahs-munozaralarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan kimyogar olimlar va tadqiqotchilar jonli va onlayn shaklda bu borada o‘z fikr-mulohazalarni bildirishdi.