Bugun Termiz davlat universitetida rektor raisligida Universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish oflayn va onlayn shaklda tashkil etildi.
Yig‘ilishda universitet faoliyatiga oid bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
🔹2026/2027-o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan (super) kontrakt miqdorlari muhokama qilindi. Yangi o‘quv yilida abituriyentlarga yanada qulay imkoniyat yaratish maqsadida super kontrakt miqdorlari ishlab chiqilgani, bunda o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan kontrakt summasi kamaytirilgani ta’kidlandi.
Muhokamalardan so‘ng 2026/2027-o‘quv yili uchun belgilangan super kontrakt miqdorlari Kengash a’zolari tomonidan tasdiqlandi. Shuningdek, super kontrakt mablag‘larini ikki yilga bo‘lib to‘lash taklifi ham bir ovozdan ma’qullandi.
🔹O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PQ–110-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Tabiiy fanlar fakulteti tarkibidagi Ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi negizida “Barqaror rivojlanish” kafedrasini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
🔹2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik, ta’lim sifatini oshirish, universitetning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ilmiy darajali kadrlarga ehtiyoj mavjud yo‘nalishlarga xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb etish va xalqaro akademik vakansiyalarni e’lon qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
🔹Universitetda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish maqsadida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida yangi ixtisosliklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ma’qullandi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, yangi o‘quv yilini yuqori saviyada boshlash, ta’lim sifatini yanada oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.