Joriy yilning IV choragida talaba-yoshlarning ilg‘or g‘oya, taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishish, ularning muammolarini hal qilish hamda talaba-yoshlar o‘rtasida “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida Termiz davlat universitetida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Shofiyev, Imom Termiziy ilmiy tadqiqotlar markazi direktori Sh.Umarov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi R.Togayev ishtirok etdi.
Uchrashuvda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan mafkuraviy xatarlar va ularni oldini olish, bugungi globallashuv davrida turli mafkuraviy tahdidlar va ularga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha atroflicha so‘z yuritildi, hayotiy misollar keltirildi. Internet tarmog‘i orqali diniy ekstremistik g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilari yoshlarimiz ongiga o‘zlarining g‘oyalarini singdirishga urinayotganliklari, soha mutaxassislari bu kabi salbiy tahdidlarning oldini olish, ularga qarshi maʼrifat bilan kurashish to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yakunida talabalarning muammo, talab va takliflari yozib olinib, ularning yechimi yuzasidan kelishib olindi.