Mustaqillik bu – shunday ulug‘ ne’matki, u asrlar to‘fonidan sog‘-omon o‘tib, o‘zligimizni, milliy an’ana va qadriyatlarimizni anglash imkonini berdi. Uzoq yillar hukmronlik qilgan zo‘ravon va mustabid tuzumning qurboni bo‘lgan ota-bobolarimizning orzusi, istak va maqsadlari istiqlol tufayli ro‘yobga chiqdi.
Mustaqillik, eng avvalo, davlatchiligimiz, qadriyat va an’analarimiz, beqiyos tariximiz va ma’naviyatimiz, haq-huquq hamda qadr-qimmatimizni qaytarib berdi. Inson qadrini ulugʻlash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi. Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ko‘p yillardan buyon jiddiy muammo bo‘lib kelgan majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi.
O‘zbekiston Respublikasi tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar ham tahsinga loyiq. O‘tgan yillar davomida bizda ijtimoiy himoyaning huquqiy asosi yaratildi va mustahkamlandi. Bu tamoyillar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlanib, qabul qilingan qonunlarda o‘z aksini topdi. Mamlakatda daromad olishning kafolati yaratildi. Ishsizlik muammolari hal etilmoqda. O‘tgan yil sarhisobida mamlakatimizda ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilar bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim orqali 527 ming kishining bandligi ta’minlandi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2 barobarga, ya’ni 1,2 mln. nafarga kengaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2016 yilga nisbatan budjetdan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. O‘z-o‘zini band qilgan aholiga soliq imtiyozlarining berilishi, ko‘plab cheklovlarning bekor qilinishi natijasida 500 ming nafar insonning rasmiy bandligi ta’minlandi. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun 300 mlrd. so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi.
Mamlakatimiz soliq tizimidagi islohotlar milliy iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Soliqlar aslida davlatning mustahkam byudjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai hisoblanib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yo‘naltirilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois har bir fuqaro o‘zi tasarruf etgan mulki yoki daromadining belgilangan ulushini mamlakat rivoji uchun ajratishi bu iqtisodiy jarayonning barqarorligini ta’minlaydi.
Mustaqil O‘zbekistonimizda har bir islohot inson hamda uning manfaatlari uchun amalga oshirilayotganini joriy yil avvalidan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining qabul qilinishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona 12 foizga tushirilgani, konsepsiyaning mantiqiy davomi sifatida soliq va bojxona sohasidagi imtiyozlarni tartibga solish borasida huquqiy asosning ishlab chiqilgani, yanada e’tiborlisi, tadbirkorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 20 foizdan 15 foizga, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining esa 25 dan 12 foizga pasaytirilganida ham ko‘rish mumkin.
Darhaqiqat, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat ortidan halol daromad orttirishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ta’lim sohasidagi natijalarni alohida ta’kidlash joiz. Avvalo, maktabgacha ta’limga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi qamrov darajasi 62 foizga yetdi.
Prezidentimiz ta’lim tizimini isloh qilish masalasiga alohida to‘xtalib, “...agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi.”, - deya fikr bildirdi. Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning bosh ijrochisi ham biz o‘zimiz, O‘zbekiston fuqarolari. Islohotlar natijasi ham bevosita fuqarolarimiz hayotini farovon etish uchun xizmat qiladi. Bu jarayonda yuksak bilim va salohiyatga ega kadrlar hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqadilar. Uzluksiz sifatli ta’lim bu aynan shunday kadrlarni yetkazib bera oladi. So‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlari, jumladan, oliy ta’lim tizimini uyg‘otish, mustaqil fikrlovchi, bilimli kadrlarni tayyorlash masalasida qator amaliy ishlar qilindi.Yangi turdagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Istiqlol tufayli mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tez sur’atlarda rivojlandi. Yurtboshimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Dunyo madaniyati va ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk bobokalonlarimizning muborak nomlari qayta tiklanib, ma’naviy-madaniy merosimiz o‘zimizga qaytarildi. Yurtimiz farzandlarining dunyo tamadduni, insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ zotlarning avlodi ekani, bugun hech kimdan kam bo‘lmagani va kam emasligini tushunib yetgani ayni haqiqat. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, O‘zbekiston erishgan va erishayotgan betimsol yutuqlar, ulkan islohotlar, yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimizning farovon turmushi, osoyishta hayotimiz, voyaga yetayotgan barkamol avlod – mana shunday ulug‘ ne’matlarni in’om etgan istiqlol uchun qanchadan-qancha ajdodlarimiz kurashgan, shahid ketgan. Bu yo‘lda jon fido qilgan bobolarimizni Mustaqillik bayrami oldidan yana bir bor eslash, ularning muborak ruhlarini shod etish barchamizning insoniy burchimizdir.
Inobat Karimova