Qadrli professor-oʻqituvchilar, aziz talabalar va ishchi-xodimlar! Avvalo, Siz, azizlarni, Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barchangizga eng katta boylik boʻlgan salomatlik va oilaviy baxt tilayman.
Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Aziz professor-oʻqituvchilar!
2021-yilda universitetimizda barcha sohalarda Sizlarning fidokorona mehnatingiz evaziga katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Universitetimizning nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi. Xususan, 150 dan ortiq OTMlar orasida milliy reytingda oʻtgan yilga nisbatan 5 pogʻona koʻtarilib, 35-oʻrinda qayd etilganimizni alohida taʼkidlashni istardim. Prezident qaroriga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab 35 ta yetakchi davlat oliy taʼlim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Ular ichida Termiz davlat universitetining ham mavjudligi bizga iftixor bagʻishlashi bilan birga, barchamizga ulkan masʼuliyatni ham yuklaydi.
Joriy yilda ilmiy salohiyatni oshirish borasida dissertatsiya himoyalariga katta eʼtibor qaratildi. Universitetdagi himoyalar 2018-yilda 5 ta, 2019-yilda 11 ta, 2020-yilda 26 ta boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda 54 tani tashkil qildi.
2021-yil davomida universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan 1500 dan maqolalar nashr etilgan boʻlib, shundan 700 ga yaqini respublika OAK eʼtirof etgan jurnallarda, 800 ga yaqini esa xorijiy jurnallarda eʼlon qilindi. Bundan tashqari, 50 dan ortiq monografiya, 12 ta darslik, 50 dan ortiq oʻquv qoʻllanma, yuzdan ortiq uslubiy qoʻllanmalar chop etildi. Shuningdek, 7 ta patent, 88 ta mualliflik guvohnomalari olindi. Professor-oʻqituvchilar tomonidan turli konferensiyalarda mingdan ortiq tezislar eʼlon qilindi. Umuman olganda, natijalar oldingi yillar bilan solishtirganda, umumiy 20 foizga oʻsish kuzatildi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yil mobaynida universitetda 22 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ularning lavozim maoshining 60 foizigacha, 108 nafar fan nomzodi hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ularning har oylik lavozim maoshiga 30 foizigacha miqdorda har oylik ustama haq belgilandi.
Oʻtayotgan yilda taʼlim sifatini oshirish yoʻlida ham samarali ishlar amalga oshirildi. Oʻquv auditoriyalar zamonaviy multimediya uskunalari bilan taʼminlandi, kuzatuv kameralar oʻrnatildi. Yangi kompyuterlar olib kelindi. Shunindek, universitet hududida bepul WI-FI internet tarmogʻining uzluksiz ishlashiga erishildi.
Bugungi kunda universitetda 6 ta TTJ mavjud boʻlib, ularda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi hamda 768 ta qoʻshimcha oʻrinlar yaratildi.
Bu erishilgan natijalar, yutuqlar, eng avvalo, Siz aziz hamkasblarimizning fidokorona mehnatlaringiz samarasi ekanligini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Qadrli talabalar!
2021-yilda ham Sizlar tomoningizdan erishilgan yutuqlar barchamizni quvontirdi.
Universitetda tahsil oluvchi ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli talabalarni ragʻbatlantirish maqsadida birinchi marta “Universitet stipendiyasi” tashkil etildi. 2021-2022 oʻquv yilida fakultetlarda tahsil oluvchi 42 nafar iqtidorli talabalar universitet stipendiyasiga tavsiya etilib, ularga sentyabr-iyun oylari uchun har oyda bir bazaviy stipendiya miqdorida stipendiya belgilandi. Talabalarimiz sport turlari boʻyicha 2021-yilda 87 ta medallarni qoʻlga kiritdi. Shundan, 10 tasi Jahon va Osiyo chempionatlarida boʻlsa, 77 tasi Respublika doirasidadir. Universitetda tahsil olayotgan nogironligi boʻlgan hamda davlat qaramogʻida va chin yetim boʻlgan talabalarga jami 351 122 640 soʻm moddiy yordam berildi. 8 nafar “Temir daftar”da turuvchi talabaning kontrakt toʻlovlari davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq toʻlab berildi. Universitetdagi jamoat ishlaridagi faol, iqtidorli, oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari, “Oltin avlod” teatr studiyasi, “Gumata” klubi, “Zakovat” klubi, “Mobil targʻibot” guruhi, Yoshlar Ittifoqi fakultet yetakchilari, “Jayhun” xalq ansambli aʼzolari, “Yil talabasi” sovrindorlari, sport musobaqalari gʻoliblari, umumiy hisobda 1746 nafar talaba moddiy ragʻbatlantirildi. Shuningdek, 1362 nafar talabaning ijara toʻlovlarining 50% qoplab berildi.
Kelgusi yilda ham Siz aziz talabalarimiz uchun yanada qulay sharoitlar va imkoniyatlar yaratishdagi ishlarimizni davom ettiramiz. Ishonamanki, 2022-yilda Sizlarning ham muvaffaqiyat va yutuqlaringiz yuqori boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, oʻtayotgan yil universitetimiz tarixida yorqin iz qoldirgan yil boʻldi. Shu bois eski yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz.
Qadrli professor-oʻqituvchilar, aziz talabalar va ishchi-xodimlar!
Barchangizni yana bir bor Yangi yil bayrami bilan qutlayman! Kirib kelayotgan 2022-yil yurtimizga fayzu baraka, oilangizga farovonlik olib kelsin!
Yangilanib borayotgan jonajon Oʻzbekistonimiz gullab-yashnayversin!
Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Hurmat bilan,
Avazjon Maraximov,
Termiz davlat universiteti rektori, professor.