Termiz davlat universitetida Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Millat ziyosi: Ayol-qizlar forumi” hamda “Qizlar Akademiyasi” targ‘ibot platformasiga bag‘ishlangan tadbir ko‘tarinki ruh va yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan universitetning faol, intiluvchan va bilimga chanqoq talaba-qizlari spikerlarning hayotiy tajribalari, muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘llari xususida batafsil ma'lumotlarga ega bo‘lib, ilhomlantiruvchi fikrlaridan bahramand bo‘lishdi.
Samimiy suhbatlar, ochiq muloqotlar va qiziqarli savol-javoblar tadbirga yanada o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ayniqsa, qizlarning kelajakdagi maqsadlari, liderlik salohiyati va jamiyatda o‘z i o‘rni topishga qaratilgan fikrlar barchada iliq taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida yosh qizlarni bilim olishga, o‘z ustida ishlashga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga hamda katta marralar sari dadil intilishga chorlovchi muhim g‘oyalar ilgari surildi.
TerDUda talaba-qizlarning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda yangi imkoniyatlar sari ruhlantirishga qaratilgan bunday loyihalar izchil davom etmoqda.