Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov rahbarligida navbatdagi “Rektor soati” o'tkazilib, universitetda oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Yig'ilishda ayni vaqtda universitetda boʻlib oʻtayotgan yakuniy nazoratlarni adolatli va shaffof oʻtishini taʼminlash, baholash sifatini yanada yaxshilash boʻyicha soha prorektorlari va fakultet dekanlariga topshiriqlar berildi.
Bunga koʻra:
- Yakuniy nazoratlar belgilangan auditoriyalarda oʻz vaqtida olinishini nazorat qilish, talabaning bilimini odilona, shaffof baholash uchun yakuniy nazoratni oʻquv mashgʻulotlarini olib bormagan professor-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshirilishini taʼminlash, fakultetlarda apelyatsiya komissiyasini Nizom talablari asosida shakllantirish va faoliyatini nazorat qilish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, iqtidorli talabalarning ilmiy faoliyatini jonlantirish, ijro intizomi, yangidan joriy etilgan KPI tizimi monitoringini olib borish, haftaning har shanba kunini professor-oʻqituvchilar uchun kasbiy rivojlanish kuni deb belgilash, doimiy ravishda siyosiy, maʼnaviy mavzularda oʻquv darslarni oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Yigʻilish yakunida 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha masʼullarga alohida topshiriqlar yuklatildi.