Har yili oʻtkaziladigan “Taʼlim, ishlab chiqarish va fan integratsiyasi – akademik samaradorlikning drayveri” rus-oʻzbek taʼlim forumlari Rossiya-Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va bir qator hamkorlik shartnomalarini imzolash imkonini beradi. Termiz davlat universiteti ham ana shu forum doirasida Qozon federal universiteti, uning institut va filiallari bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib keladi.
Xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Termiz davlat universiteti va Qozon federal universiteti oʻrtasida ZOOM platformasi orqali uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Qozon Federal universiteti Tashqi aloqalar prorektori T.Alishev, universitetning Psixologiya va taʼlim instituti direktori A.Kalimulin Termiz davlat universiteti rektori A.Maraximov va har ikki muassasadan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Maʼlumki, Rossiyadagi eng qadimiy va keng qamrovli oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan ushbu universitet psixologiya hamda taʼlim yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan, xalqaro loyihalarni amalga oshiruvchi yetakchi, zamonaviy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Oʻzaro muloqot chogʻida psixologiya va pedagogika yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma maxsus taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bizni kuzatishda davom eting!