Ayni kunlarda Termiz davlat universiteti uchun Ilmiy-innovatsion tadqiqot markazi, Yoshlar texnoparki, 700 oʻrinli talabalar turar joyi va yopiq sport majmuasini qurish ishlari olib borilmoqda. Universitetda 26 mingdan ortiq talaba tahsil oladi va hozirda jami 2,7 ming oʻringa ega 6 ta talabalar turar joyi mavjud. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda oliygoh hayotida katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Buni nafaqat jahon andozalariga javob beruvchi bu kabi zamonaviy sharoitlar misolida aytish mumkin, balki keyingi ikki yilda fan doktori (DSc), professorlar soni 1,3 karra, fan nomzodi (PhD), dotsentlar 1,5-martaga koʻpaydi, ilmiy salohiyat oʻn foizga oʻsdi. 2021-2023-yillarda dissertatsiya himoya qilganlar va ilmiy unvon olganlar soni soʻnggi 12 yil davomidagi koʻrsatgichga nisbatan 4,5 barobarga koʻp. Joriy yilning olti oyida 63 ta himoya oʻtgan boʻlsa, 10 nafar xodim ilmiy unvonga ega boʻldi. Doktorantura bitiruvchilarining oʻz vaqtida himoya qilish koʻrsatkichi 2,5 barobar ortdi.
Termiz davlat universitetiga xalqaro tajribalarni tadbiq etish borasida ham eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilayotgani raqamlar, faktlarda ham namoyon boʻlmoqda. Ayni paytda bizning oliygohimiz 75 ta OTMlar bilan xalqaro hamkorlik oʻrnatdi, 42 ta xorijiy OTMlar, xalqaro tashkilotlar bilan rasmiy uchrashuvlar oʻtkazdi. Oʻquv jarayoniga 73 nafar xorijlik professor oʻqituvchilar jalb etilgan. Qolaversa, 114 nafar professor-oʻqituvchilarga xorijda malaka oshirishlari uchun imkon yaratildi.
Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov Termiz davlat universitetiga tashrifi davomida oliygoh koʻrsatkichlari, ilm-fan sohasiga qoʻshayotgan hissasi, yaratilgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Termiz davlat universiteti rektori, professor A.Maraximov viloyat hokimi U.Qosimovni yangi binolarning qurilishi bilan tanishtirar ekan, soʻnggi yillarda universitetda jahon standartlariga javob beradigan oʻquv binolari, talabalar turar joylari soni koʻpayganini alohida taʼkidladi. — “Yaqindagina 1850 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilib foydalanishga topshirildi, 10 ta bino va sport inshootlari toʻliq taʼmirlandi. Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 2023-yilda, jami 70,7 mlrd. soʻm qiymatga ega 4 ta yangi: Ilmiy-innovatsion tadqiqot markazi, Yoshlar Texnoparki, 700 oʻrinli talabalar turar joyi va yopiq sport majmuasi qurilmoqda, ularni yil yakuniga qadar toʻliq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan”, dedi rektor.
Uchrashuvda universitetda yangi loyihalarni sifatli amalga oshirish, talabalarning turar joylar bilan bogʻliq muammolarini hal etish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi, fikr-mulohazalar bildirildi.