Termiz davlat universitetida alohida tayyorgarlik asosida oʻtkazilgan “Talabalik bahori” festivali. Bu — 1,5 ming nafardan ortiq tashabbuskor yigit-qizlar tadbiri. Unutilmas damlarga boy boʻlgan festivalda yoshlar oʻz bilim va koʻnikmalari, mahorat va isteʼdodini toʻla namoyon etishdi.
Koʻtarinki ruhda oʻtgan bayram tadbiri talabalarning darsdan boʻsh vaqtlarini mazmunli hamda koʻngilli oʻtkazish, ularning maʼnaviy va madaniy saviyasini oshirish, sanʼatga boʻlgan ishtiyoq va qiziqishlarini yuksaltirish, shuningdek milliy qadriyatlarimizni oʻrganishga xizmat qildi.
Bir tomonda sanʼatga ixlosmand yoshlar, boshqa tomonda esa sportda kuch sinashgan talabalar. Yana boshqa hududda talabalar tomonidan tayyorlanayotgan oʻzbek milliy taomi osh boʻlsa, yana bir tomonda “Podium” milliy liboslar namoyishi modaga, zamonaviy va milliylik uygʻunligiga qiziqqanlarni oʻziga ohanrabodek chorladi. Havaskor gitaristlar tanlovi esa barchaning olqishiga sazovor boʻldi. Qoʻllab-quvvatlashlardan ruhlangan ishtirokchilar bor mahoratlarini ishga solishdi. Haqiqiy bahoni esa albatta universitet jamoasi, kuzatuvchi talaba yoshlar berishdi. Negaki festivalga kelgan borki, oʻzini ajib moʻjizalar makoniga tushib qolganday his etdi.
Va nihoyat hal qiluvchi palla. Festival doirasida oʻtkazilgan tanlovlarning taqdirlash marosimi. Unda “Usmon Azim izdoshlari” nomli esselar, “Mening universitetim” nomli rasmlar va videolar tanlovi, “Zukko kitobxon” kibersport, Munozara hamda turli sport musobaqalarida iqtidor va imkoniyatlarini ishga solgan eng munosib talabalar ragʻbatlantirildi. Natijalarga koʻra, 140 nafardan ortiq talaba gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Bizni kuzatishda davom eting!