Universitetimizning iqtidorli va iste'dodli, o'z kelajagiga befarq bo'lmagan barcha talaba-yoshlarini va istiqbolli yosh kadrlarini qo'llab-quvvatlash, ularning kelgusidagi orzu-maqsadlariga yetishish yo'lida yaqindan yordam berish maqsadida "Stipendiat" klubi tashkil etildi hamda klubning rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ochilish marosimida TerDU rektori A.Maraximov ishtirok etib, klubning ochilishi munosabati bilan barcha talaba-yoshlarni samimiy muborakbod etdi va talabalarning bu kabi yangi loyihalarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shuningdek, Rektorimiz klubning kelgusidagi faoliyatini samarali tashkil etishi uchun bir qator takliflar bildirib o‘tdi. Xususan, talabalarga xorijiy tillarni o‘qitish bo'yicha "Til kurslari"ni tashkil etish, ularni respublika va xalqaro olimpiadalar, xalqaro grantlarga tayyorlab borish, ilmiy-innovatsion va ijtimoiy sektorda yangi loyihalarni joriy etish kabi bir qator vazifalarni tizimli tashkil etish masalalari shular jumlasidandir.
Ochilish marosimining ikkinchi qismida mazkur tadbirning asosiy voqealari bo'lib o'tdi. Dastlab, "Stipendiat" klubining rahbari etib bir ovozdan TerDU magistranti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi Esanov Azizbek Shermamat o'g'li tadbir ishtirokchilari tomonidan saylandi. Shundan so'ng "Stipendiat" klubining ramziy ochilish marosimi - Klub logotipi hammaga tanishtirildi.
Tadbir soʻnggida, Klub faoliyati haqida batafsil tushunchalar berildi va ishtirokchilar bilan savol-javob koʻrinishida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
"Stipendiat" klubiga a'zolik barcha uchun ochiq bo‘lib, yagona sharti – a'zo bo'lmoqchi bo'lgan yoshlarning kelajakda aniq maqsadi mavjudligi va bu maqsad yo'lida harakat qilayotgan bo'lishlari lozim. Bunda "Stipendiat" klubi maʼlum natijaga erishgan insonlar va shu yoʻlda harakat qilayotgan talaba-yoshlar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi. Ushbu klubga a'zolik evaziga Siz o'z sohasining mutaxassislaridan quyidagi yo'nalishlar bo'yicha kerakli ma'lumotlar va amaliy yordamga ega bo'lasiz:
1. Davlat mukofotlari va olimpiadalar yo’nalishi:
• "Mard oʻgʻlon" va "Zulfiyaxonim" davlat mukofotlariga tayyorlash;
• Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalariga tayyorlash;
• Mahalliy CV tayyorlash;
• Motivatsion xat tayyorlash;
• Ijtimoiy faollik: volontyorlik, homiylik;
• Amaliyot, stajirovka, yozgi/qishki maktablar, almashinuv dasturlari.
2. Xalqaro stipendiyalar yo’nalishi:
• Grant yutish: grant turlari;
• Top-1000 universitet;
• CV tayyorlash;
• Motivatsion xat tayyorlash;
• Ijtimoiy faollik: volontyorlik, homiylik;
• Amaliyot, stajirovka, yozgi/qishki maktablar, almashinuv dasturlari.
3. Ilmiy-innovatsion yo’nalish:
• Ilmiy ish, ilmiy maqola, tezis haqida ma'lumot;
• Ilmiy konferensiya va jurnallarda maqola chop ettirish;
• Ilmiy yangilikning qiymati, ilmiy ish natijasi;
• Mamlakatimizda ilmiy sohada mavjud imkoniyatlar.
• Yangi ilmiy-innovatsion loyihalarni puxta shakllantirish va amalga oshirish.
4. Xorijiy tillar yo'nalishi:
• Til o’rganish strategiyalari;
• Tilni baholash imtihonlari;
• O’quv kurslari;
• Ustoz-shogird maqomi.
Hurmatli talabalar! Agar Sizda kelajagingiz uchun aniq maqsadlaringiz bo'lsa, bunda sizga to'g'ri yo'l-yo'riq va amaliy yordam kerak bo'lsa, maqsadlari Sizniki kabi yuksak bo'lgan tengdoshlaringiz bilan bir safda bo'lishni istasangiz, "Stipendiat" klubi aynan Siz uchun!