Termiz davlat universitetida Germaniyaning nufuzli ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlari munosib kutib olindi. Milliy qadriyatlarimizga xos mehmondo‘stlik, ochiq yuz va samimiy muhitda qarshi olingan mehmonlar dastlab universitet kampusi bo‘ylab sayohat qildilar.
Ekspertlar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, hududidagi yashil maskanlar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, kampusdagi tabiiy yashillik, talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilgan sokin va qulay muhit xalqaro ekspertlarda iliq taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng ASIIN vakillari belgilangan reja-grafik asosida Kimyo ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlar bilan tanishdilar. Mazkur jarayon xalqaro akkreditatsiya talablari asosida yopiq formatda tashkil etildi.
Tashrifning eng muhim nuqtalaridan biri universitet rektori, professor A. Toshqulov boshchiligida prorektorlar va tegishli mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv bo‘ldi. Qariyb uch soat davom etgan muloqotda rektor tomonidan universitetning bugungi yutuqlari, amalga oshirilayotgan islohotlar, rivojlanish strategiyasi, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda istiqboldagi aniq maqsad va vazifalar atroflicha taqdim etildi. Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqot davomida ekspertlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Uchrashuv yakunida xalqaro ekspertlar shu vaqtgacha olib borgan kuzatuvlari va o‘rganishlari ularda faqat ijobiy taassurot qoldirayotganini alohida ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun, ASIIN (Accreditation Agency for Study Programmes in Engineering, Informatics, Natural Sciences and Mathematics) Germaniyaning eng nufuzli akkreditatsiya tashkilotlaridan biri bo‘lib, muhandislik, tabiiy fanlar, matematika va texnologik yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar asosida baholaydi. Ushbu tashkilot tomonidan beriladigan akkreditatsiya sertifikati ta’lim sifati va akademik salohiyatning xalqaro miqyosdagi e’tirofi sifatida qabul qilinadi.
Bugun TerDU tarixida yana bir muhim sahifa yozilmoqda. Bu jarayon universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish va jahon akademik hamjamiyatida munosib o‘rin egallash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.