Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Surxondaryo viloyatida boʻlib, oliy taʼlim muassasalari masʼullari, yosh olimlar va ilm ahli hamda talabalar bilan uchrashdi.
Dastlab, Termiz davlat universitetida vazir boshchiligida muassasa Kuzatuv kengashining ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda kengash aʼzolari ishtirokida Prezidentimiz tomonidan imzolangan 35 ta davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqillik berish borasidagi qarorlar ijrosi doirasida universitetda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Vazir mazkur qarorlar mazmun-mohiyatiga toʻxtalib, koʻzlangan maqsad oliy taʼlim muassasalarining qoʻlini yechish, xususiy va xorijiy oliygoh filiallari bilan raqobatga kirishish, ham moliyaviy, ham akademik jihatdan mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini berish ekanligini taʼkidladi.
– Bugun mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari zamonga mos, talablarga xos faoliyat olib borishi kerak. Chunki bugun taʼlimda sogʻlom raqobat asosida rivojlanmoqda. Endi Termiz davlat universiteti oʻz moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq deyarli barcha masalalarni kengashgan holda amalga oshiradi. Bundan kelib chiqadiki, kuzatuv kengashi gardaniga juda katta vakolat, shu bilan birga masʼuliyat ham yuklanmoqda. Bugun universitetda faoliyat olib borayotgan oddiy farroshdan tortib to rektorgacha, talabadan tortib, doktorantgacha tizimdagi islohotlarni oʻz hayoti misolida sezishi va rozi boʻlishi lozim – dedi vazir.
Shu jumladan, kengashning yakdil qarori bilan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish, kontrakt summasini mustaqil belgilash, oʻquv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish, oʻz grifi asosida darsliklar yaratish imkoniga ega boʻlishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda shuningdek, 2026-yilga qadar yurtimizda yana 50 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, umumiy oliygohlar soni 200 tadan oshirilishi qayd etilib, bu borada Termiz davlat universitetiga ham xorijlik professor-oʻqituvchilar jalb etilishi va bu bilan taʼlim sifati oshib, xalqaro va milliy reytinglarni zabt etish boʻyicha mulohazalar bildirildi.
Bundan tashqari, professor-oʻqituvchi va xodimlarni taʼlim jarayoniga shartnoma asosida jalb qilish, har bir xodimning ilmiy salohiyatidan kelib chiqqan holda mehnatga haq toʻlash hamda ragʻbatlantirish uchun Termiz davlat universitetida barcha zarur imkoniyat borligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng, vazir A.Toshqulov professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar, umuman surxondaryolik ilm ahli bilan uchrashdi.
Unda respublikamiz ilm-fani, taʼlim tizimining bugungi holati va ertangi kelajagi bilan bogʻliq bir qator masalalar koʻtarildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida joylashgan oliy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyati, yaratilgan sharoitlar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish borasidagi ishlar natijasi haqida ham soʻz yuritildi.
Jumladan, bugungi zamonaviy taraqqiyot tendensiyasi kechayotgan davrda mamlakatning yanada taraqqiy etishida ilmiy salohiyati yuqori yosh olimlarni tarbiyalash, ularning kasbiy, ijodiy va xizmat sohalarida oʻsishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, olib borilayotgan tadqiqot ishlarining amaliyotga joriy etilishini taʼminlash muhim ahamiyatga egaligi alohida qayd etildi.
Vazir yosh olimlar va ilm ahli bilan ularning ilm-fandagi yutuqlari, muvaffaqiyatlari va kelgusidagi rejalar haqida dildan suhbatlashishni anchadan beri niyat qilib yurganini taʼkidladi.
– Sizlarni ilm yoʻlini tanlagan ulkan jasorat va metin iroda sohiblari deb bilaman. 1 yilda 54 ta diplom himoyasi bu aslida qahramonlik. Bugun sizlar orangizdan dunyo tan oladigan olimlar, “Nobel” mukofoti sohiblari chiqishi kerak. Prezident biz uchun yaratib bergan sharoitlar oldimizga qoʻygan maqsadlarga hamohangdir, – dedi A.Toshqulov.
Maʼlumot uchun, 2009-2017-yillarda universitetda bironta ham diplom himoyasi qilinmagani, 2021-yilning oʻzida 54 ta himoya amalga oshirilib, 7 ta ilmiy ish hali davom etayotgani aslida respublika miqyosidagi ulkan natija ekani alohida taʼkidlandi.
Tadbirning ahamiyatli jihati shunda boʻldiki, ushbu diplom himoya qilgan yosh olimlar shaxsan vazirning qoʻlidan diplomlarini qabul qilib olishdi.