Payshanba — yoshlar kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi vohadagi oliy ta’lim muassasalarining yuqori kurs talabalari hamda Koreya Respublikasida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan vohadosh yoshlar bilan ochiq onlayn muloqoti o‘tkazdi.
Zoom platformasi orqali tashkil etilgan muloqotda ayni kunlarda Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov, vohadoshimiz — Koreyaning Sejong universiteti professori Otabek Jo‘rayev hamda xorijda istiqomat qilayotgan yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida TerDU rektori Abduqodir Toshqulov tomonidan voha yoshlari uchun yangi xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan qator muhim takliflar ilgari surildi.
Jumladan, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Malayziya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida Surxondaryo yoshlarining tahsil olishini kengaytirish, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni vohaga olib kirish bo‘yicha aniq tashabbuslar bildirildi.
Shuningdek, Surxondaryoning mavjud resurs va imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hudud rivojiga koreyalik ishbilarmon doira vakillari va malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Mazkur tashabbuslar viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ularni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xorijda tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan vohadosh yoshlar esa bunday tashabbuslar ularni yanada ruhlantirayotganini ta’kidlab, Surxondaryo taraqqiyotiga yurtimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shish, yangi loyihalarni amalga oshirish istagini bildirdi.