🟢Termiz davlat universiteti UI GreenMetric World University Rankings 2026 xalqaro reytingida yuqori o‘sish dinamikasini qayd etdi.
🟢Universitet 2025-yilda jahon reytingida 1024-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2026-yilda 359 pog‘ona yuqorilab, 665-o‘ringa ko‘tarildi. Mazkur natija O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida reyting pozitsiyasining yaxshilanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Universitetda ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil” kampus infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. TerDUning 5 ta kampusida 77 ming tup daraxt, 50 ming tup buta va 189 ming m² maysazor mavjud bo‘lib, yashil hududlarning yillik kislorod ishlab chiqarish hajmi 8,5 ming tonnani, CO₂ yutilishi esa 2,6 ming tonnani tashkil etadi.
Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish yo‘nalishida umumiy quvvati 3 MWdan ortiq bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etilgan. Ularning yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyati qariyb 6 mln kWh bo‘lib, universitetning yillik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojidan qariyb 3 baravar yuqori.
Suv resurslarini samarali boshqarish uchun 4 ta artezian quduq, 6 ta suv minorasi va 3 ta rezervuar faoliyat yuritadi. Yashil hududlarni parvarishlashda tomchilatib va purkab sug‘orish, binolarda esa suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanmoqda.
Universitetning barcha kampuslarida chiqindilarni saralash va alohida yig‘ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Barqaror rivojlanish tamoyillari ta’lim va ilm-fan jarayonlariga ham integratsiya qilinib, Barqaror rivojlanish kafedrasi tomonidan ekologiya, iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo‘nalishlarida ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
🟢UI GreenMetric 2026 natijasi Termiz davlat universitetida ekologik barqarorlik, resurslardan samarali foydalanish va “yashil” universitet modelini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofidir.