TerDUda Ustoz va murrabiylar kuni ko‘tarinki ruhda nishonlandi

Haq yoʻlida kim sanga bir harf oʻqitmish ranj ila, Aylamak boʻlmas oson onin haqin ming ganj ila.

Darhaqiqat hazrat Alisher Navoiy bitganlaridek, ustozlar mehnatini, ular berayotgan bilimni hech bir narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Bir insonning oʻsib ulgʻayishi, hayotda oʻz oʻrnini topishida ustoz-murabbiylarning hissasi beqiyos. Shu bois ustozga mehr-muhabbatimiz boʻlakcha, eʼtiborimiz oʻzgacha. 

Yurtimizda bu ulugʻ zotlarni eʼzozlash, qadrlash va ularga hurmat-eʼtibor koʻrsatish borasida qator saʼy-harakatlar amalga oshirib kelinadi. Prezident farmoni bilan 1997-yildan boshlab 1-oktyabrni Oʻqituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlash anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan.

Shu munosabat bilan ayni kunlarda yurtimizning har bir goʻshasida ustoz-murabbiylar kuni katta tantana qilinmoqda. Prezidentimizning oʻqituvchi va murabbiylarga yoʻllagan bayram tabrigida ham bu kasb egalarining jamiyatda naqadar katta oʻrni borligi alohida eʼtirof etildi.

Jumladan, bayram tabrigida shunday jumlalar bor — “Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor oʻqituvchi maqomi alohida belgilanib, taʼlim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas.

Chunki, jamiyat hayotida oʻqituvchining oʻrni va taʼsiri oshsa – maktabning obroʻyi oshadi, ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasining qadri koʻtariladi. Muallimning obroʻ-eʼtibori esa bu millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir”. 

  Termiz davlat universiteti jamoasi ham ushbu sanani munosib qarshi olishdi. Bayram tadbirida professor-oʻqituvchilar va xodimlar ishtirok etdi. Tadbirni Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Maraximov kirish soʻzi bilan ochib, barcha ustozlarni bayram bilan qutladi: – Yurtimizda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlib voyaga yetishi uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda, – dedi rektor oʻz soʻzida. – Oʻz oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarga erishishda esa bugun kasb bayramlarini nishonlayotgan ustoz va murabbiylarning oʻrni, mehnati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Beʼjiz xalqimiz “Ustoz-otangdek ulugʻ!” iborasini bot-bot taʼkidlamaydi. Shuningdek, rektor bayram munosabati bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan Termiz davlat universiteti akademik litseyining tarix fani oʻqituvchisi Diljaxon Abdulakimovani qutladi.

Agar raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ayni paytda oliygoh tarkibida 14 ta fakultet, 45 ta kafedralarda tahsil olayotgan  26 631 nafar talabalarga 780 nafar professor-oʻqituvchilar taʼlim berishmoqda.

Professor-oʻqituvchilarning 39 nafari fan doktori, professorlar, 205 nafari fan nomzodlari, dotsentlar boʻlib, ilmiy salohiyat 31 foizni tashkil etadi. Eng muhimi bu koʻrsatkich va raqamlar yil sayin koʻpaymoqda. Bunda albatta ilm-fan rivoji, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ustozlarning hissasi katta. 

Bayram munosabati bilan yozilgan dasturxon atrofida jam boʻlgan oʻqituvchilar samimiy suhbatlar qurishdi va yangragan kuy-qoʻshiqlarga raqsga tushishdi.

Bir soʻz bilan aytganda soha vakillarini xushnud qilgan tadbir, ularning xotirasida uzoq vaqtga muhrlandi. Barcha ustozlarni bayram  bilan muborakbod etamiz, shijoat va gʻayratingiz aslo soʻnmasin, aziz ustozlar!

Foydali Havolalar

Yangiliklar

Dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi

  • 2024-05-03
  • 19

Termiz davlat universiteti ingliz tili o'qitish metodikasi kafedrasi o'qituvchisi Tadjiyeva Mastura Fayzullayevnaning Termiz davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashning 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va

Batafsil

“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining ikkinchi kuni qiziqarli taassurotlar bilan boshlandi

  • 2024-05-02
  • 36

Bir tomonda havo sharlari uchirish tadbirlari, velo marafon musobaqalari o'tkazilayotgan bo'lsa, yana bir tomonda esa milliy taomlar ko'rgazmasi turli qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz namoyish etilmoqda.

Batafsil