Hurmatli ota-onalar va abituriyentlar!
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar singari ta’lim tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning yaqqol misoli sifatida oliy ta’limga yoshlarni qamrab olish miqdori bir necha barobarga ortganini keltirish mumkin. Fikrlarimizni raqamlar ham isbotlaydi. O‘tgan 3 yilda O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari soni 65 tadan 117 taga ko‘paydi, qabul 3 barobarga ortdi (66 mingtadan 181 mingtaga). OTMlarga 2017 yilda 729 mingta hujjat topshirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,5 millionga yetdi. Bu yilda ham ko‘rsatgichlar yanada ortadi. Hozirgi kunda 26 ta xorijiy oliygohlar filiallari tashkil etilib, 100 tadan ortiq yetakchi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doiroasida 64 ta mutaxassislik bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Professor-o‘qituvchilarning maoshi o‘rtacha 3,5 barobarga oshirildi (3 million so‘mdan 10 million so‘mgacha).
Birgina Surxondaryo misolida oladigan bo‘lsak, 4 yil oldin vohada 1ta, ya’ni Termiz davlat universitetigina mavjud edi. Qabul kvotasining kamligi, bitta oliy o‘quv yurti ehtiyojni to‘la qamrab ololmasligi sababli ko‘plab yoshlarimiz uzoq poytaxtga ilm olish uchun ketishar edi. Voha ziyolilari, minglab ota-onalar Surxondaryoda ham boshqa oliy o‘quv yurtlari ochilishini orzu qilishar edi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi o‘laroq qisqa muddatda bir qator OTMlarining filiallari tashkil etildi. Ayni paytda 6 ta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Demakki, Siz aziz bo‘lajak talabalarimiz, yoshlarimiz uchun bu katta imkoniyat desak xato bo‘lmaydi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 1-2 iyun kunlari Surxondaryoga tashrifi asnosida ham voha ilm-fani, ta’lim tizimida ham alohida e’tibor qaratilib, qator imkoniyatlar taqdim etildi. Jumladan, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Universitet qoshida Agrotexnologiyalar va innovasion rivojlanish, Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali negizida ushbu universitetning Termiz muhandislik-texnologiya institutlarining etilishi ma’lum qilindi. Qolaversa, faqat Surxondaryo viloyatiga 100 ta maqsadli magistratura uchun kvota ajratilganligini ham mamnuniyat bilan ta’kidlash kerak.
Joriy yilning 16 iyun kuni Prezidentimiz raisligida oliy ta’limga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishida bu soha oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Avvalo, oliy ta’lim qabulida qamrovni yanada oshirish, mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, OTMlariga qator imkoniyat va imtiyozlar berish borasida ustuvor vazifalar belgilandi.
Oliy ta’lim sohasidagi eng muhim islohotlardan biri bu qabul jarayonlarini onlayn tarzda tashkil etilganidir.Test va ijodiy imtihonlar olish tartibi yanada shaffoflashdi. O‘qishni ko‘chirish va tiklash jarayonlari ham onlayn bo‘lib o‘tmoqda. Bu, Siz aziz ota-onalar, talabalar uchun qulay imkoniyatlarni yaratish bilan birga, ortiqcha sarf-xarajat va qog‘ozbozliklardan xalos bo‘lishni ta’minladi.
Bugun OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yo‘llar bilan ota-onalar hamda abituriyentlarni aldab talabalikni va’da qilayotgan ayrim shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilayotganligini guvohi bo‘lmoqdamiz. Yurtimizda har bir sohada korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash ketmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishda har birimiz, keng jamoatchilik hamjihatlikda kurashsakkina, o‘zining ijobiy natijasini tezda ko‘rsatadi.
Aziz ota-onalar va abituriyentlar!
Siz ham nopok kimsalar, ya’ni firibgarlarning aldoviga uchramang. Universitetda tanishi yoki yaqin qarindoshi ishlashini ro‘kach qilib, sizga talabalikni va’da qilayotganlarga hech qachon ishonmang. Barcha jarayonlar ochiq va shaffof, adolatli o‘tishi ta’minlanadi. Ijodiy imtihonlar ochiq va shaffof o‘tkaziladi va bu jarayonlar keng jamoatchilik, OAV, blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Biz imtihon jarayonlarini adolatli va shaffof o‘tishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz.
Aziz farzandlarim! Sizni hali oldinda buyuk kelajak kutib turibdi. O’z kelajagingizni aldovlar bilan qurmang! Faqat o‘z bilimingiz va kuchingizga ishoning! Jamiyatda korrupsiyani yanada avj olishiga hissa qo‘shmang!
Barchangizga talabalik baxti va quvonchi nasib etishini tilayman. Insholloh, bu baxtli onlaringizda universitetimiz Sizlarni quchoq ochib kutib olajak!
Avazjon MARAXIMOV,
Termiz davlat universiteti rektori, professor