Termiz davlat universiteti va Malayziyaning nufuzli Utara universiteti (UUM) o‘rtasidagi aloqalar strategik bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ayni kunlarda universitetimizning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori G‘ofur Tog‘ayev hamda moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Nurullo Xursandov Malayziyada xizmat safarida bo‘lib turishibdi.
Jumladan, 9-mart kuni Utara universiteti bosh binosida ikki oliygoh o‘rtasida “Akademik almashinuv dasturi” bo‘yicha rasmiy hujjatlar almashildi.
Mazkur kelishuv TerDU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun Malayziyaning ilg‘or ta’lim metodikasini o‘rganish va xalqaro tajriba orttirishga keng yo‘l ochadi.
Kiberxavfsizlik markazi – Kelajak texnologiyalari voha yoshlari uchun:
10-mart kuni delegatsiya a’zolari Kompyuter texnologiyalari fakultetida (School of Computing) bo‘lib, TerDU qoshida ochilishi rejalashtirilayotgan Utara Ta’lim Markazi (UUM Learning Centre) loyihasini yakuniy muhokamadan o‘tkazdilar. Markazning asosiy yo‘nalishi — mintaqamizda kiberxavfsizlik bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat.
Raqamli kutubxona va zamonaviy infratuzilma:
Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Utara universitetining mashhur Sultanah Bahiyah nomli elektron kutubxona markazi faoliyati bilan tanishdilar. Raqamli resurslar va zamonaviy axborot-resurs markazlarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni TerDUda ham tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz: TerDU delegatsiyasining xizmat safari davom etmoqda.