Kengaytirilgan yig‘ilishda rektor tomonidan universitetning barcha fakultetlari, kafedralari va bo‘limlari milliy hamda xalqaro akkreditatsiya talablarini chuqur o‘rganib, o‘z faoliyatini mazkur talablar asosida moslashtirishi shartligi ta’kidlandi.
Akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rishda prorektorlar, dekanlar va bo‘lim boshliqlari shaxsan mas’ul etib belgilandi.
2026-yil fevral–mart oylarida ishchi va ekspertlar guruhi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borilib, natijalari universitet kengashida muhokama qilinadi.
Shuningdek, universitetda akademik halollik qoidalarini joriy etish, o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablari asosida yangilash, talabalar va ish beruvchilar fikrini muntazam o‘rganib borish hamda ilmiy faoliyatni xalqaro reytinglar talablari asosida tashkil etish vazifalari belgilandi.
Professor-o‘qituvchilarning Scopus va Web of Science bazalarida ilmiy maqolalar chop etishi, milliy va xalqaro grant loyihalarida ishtirokini kengaytirish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda moddiy-texnik bazani akkreditatsiya talablariga moslashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Tanaffus bilan davom etgan yig‘ilishda mas’ullar tomonidan kun tartibidagi masalalar ijrosiga qaratilgan tartib-taomillar tushuntirildi.
Yig‘ilish yakunida “Aholini ro‘yxatga olish jarayoni” boshlanganligi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasida turgani ta’kidlanib, ushbu ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega jarayonlarda professor-o‘qituvchilarning faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.