Bayramga tuhfa: Surxondaryo viloyatida 72 ta obyekt foydalanishga topshirildi
Bayram kunlarida aholimizga xizmat qiluvchi, hududlar infratuzilmasi va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni ishga tushirish an’anaga aylangan.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Termiz shahri va tumanlarda jami 72 ta obyekt tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Jumladan, 5 ta umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, 2 ta ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 7 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 49 ta mahallada yo‘l-infratuzilmasini yaxshilash loyihalari ishga tushirildi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va mutasaddilar Termiz davlat universiteti talabalari uchun barpo etilgan 800 o‘rinli 8-talabalar turar joyi binosining ochilish marosimida ishtirok etishdi. Shu yerning o‘zidan “Zoom” orqali barcha obyektlar foydalanishga topshirildi.
Tantanada viloyat rahbari yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, yangi bino Konstitutsiyamizning 33 yilligi munosabati bilan talabalar uchun munosib tuhfa bo‘lganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng hokim nuroniylar, faollar, ziyolilar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida talabalar turar joyida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ularning yashash va ta’lim olishlari uchun tashkil etilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Tadbir yakunida viloyatning barcha hududlarida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilishi, har bir loyiha aholi farovonligi va hayot sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.