Termiz davlat universiteti Hududiy tadqiqotlar markazi mutaxassislari Surxondaryo viloyati hokimligining 2025-yil 11-iyuldagi 04-04/1636-sonli topshirig‘iga asosan muhim ilmiy loyiha ustida ish olib bormoqda.
Ayni vaqtda TerDU Ilmiy bo‘limi hamda Xitoy Fanlar Akademiyasi Shinjon Ekologiya va Geografiya instituti mutaxassislari — professor Kaihui Li, professor Shengyu Li va ularning ilmiy yordamchilari bilan hamkorlikda qator tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotchilar Surxondaryo viloyati Gidrometeorologiya markaziga tashrif buyurib, meteorologik, gidrologik, agroiqlimiy va ekologik kuzatuvlar jarayoni bilan tanishdilar.
Shuningdek, Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlari hududlarida:
ko‘chma qum va issiq garmsel shamollarining salbiy ta’sirini o‘rganish,
masofadan zondlash va xaritalashtirish,
hududni ko‘kalamzorlashtirish va ko‘chma qum barxanlarini mustahkamlash,
yashil belbog‘larni barpo etish,
cho‘l tuproqlarini mustahkamlash uchun ekilishi rejalashtirilgan o‘simliklar tarkibini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu ilmiy hamkorlik Surxondaryo hududida barqaror ekologik muhit yaratish va yashil hayot sari muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.