Termiz davlat universitetida yoshlarda ilmiy izlanish va innovatsion tafakkurni rivojlantirish maqsadida "Dolzarb 90 kun" tashabbusi keng qamrovda amalga oshirilmoqda.
Ushbu tashabbus doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy to‘garaklar talabalarning bilim va salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilyapti.
Shulardan biri — Kimyo fakultetidagi “Bir talabaga – bir loyiha” to‘garagidir. Ushbu to‘garak Biznes inkubatsiya va akseleratsiya markazi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida samarali hamkorlik muhitini yaratishga katta hissa qo‘shmoqda.
To‘garakning faol talabalaridan biri — Faxriddinova Xadicha Faxriddin qizi, ilmiy rahbari falsafa doktori (PhD) Geldiyev Yusuf bilan hamkorlikda “Vodorod sulfidli korroziyaga qarshi import o‘rnini bosuvchi ingibitorlar tayyorlash” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda.
Mashg‘ulotlar iyul va avgust oylarida ham davom etadi. Talabalar mazkur jarayonlarda amaliy tajriba orttirish, muammolarga ilmiy yondashuv orqali yechim topish va ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmoqda.
TerDU talabalari faqat bilim emas, balki ilmiy g‘oyalar orqali ham taraqqiyotga hissa qo‘shmoqda. Bu esa universitetimizda ilm va amaliyot uyg‘unligining yorqin namunasidir.