Bugun Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov kampusning asosiy binosida joylashgan Yuridik, Tarix va Ijtimoiy fanlar fakultetlarining professor-o‘qituvchilari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda rektor yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, taklif va tashabbuslarni tinglash maqsadida universitet boshqaruv apparati bilan birgalikda ishtirok etayotganini ta’kidladi. O‘qituvchilarning mehnat ta’tili arafasida bo‘lishiga qaramay, rektor ularni yangi o‘quv yilini yuqori kayfiyatda boshlashga chorlab, barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.
Muloqot davomida universitet hududi va unga qarashli Darband o‘quv-amaliyot bazasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Ustozlarning takliflari va rektor ko‘rsatmasi asosida yangi o‘quv yiliga qadar 3 ta fakultetning ma’ruza xonalari zamon talablari darajasida jihozlanishi, kafedralar ta’mirlanib, zarur sharoitlar yaratilishi belgilandi. Shuningdek, Rektor auditoriyasi va Dekan auditoriyasi tashkil etilishi rejalashtirildi.