Xabaringiz bor, TerDU delegatsiyasi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan "Ta’lim, fan va texnologiya sohasidagi innovatsion hamkorlik forumi"da faol ishtirok etdi.
Forumning sessiya qismida Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov "Ilm, ta’lim va madaniyat – strategik hamkorlikning poydevori" mavzusida ma'ruza qildi.
Rektor o‘z nutqida Buyuk Ipak yo‘li madaniy merosini o‘rganish, muhofaza qilish va yosh mutaxassislarni tayyorlash, viloyatimizda tashkil etilgan qo'shma arxeologik tadqiqotlar amaliy natijalari, shuningdek, madaniy meros va turizm sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlarini yoritib berdi. TerDU hamda Xitoyning Shimoli-g'arbiy universiteti o'rtasidagi strategik hamkorlikning keyingi bosqichlari bo'yicha to'xtalib o'tdi. Ma'lumot uchun, ushbu universitet arxeologiya sohasida QS xalqaro reytingi bo'yicha 51-100 o'rinni egallagan.
Sessiyada O‘zbekiston va Xitoydan nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va madaniy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Unda, shuningdek, Shensiy provinsiyasi Ta’lim boshqarmasi vakillari, universitet va institut rahbarlarining arxeologiya, madaniy meros, tarixiy shaharlarni tiklash va ularni global miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan ma’ruzalari tinglandi.
Sessiya yakunida tomonlar O‘zbekiston va Xitoyning tarixiy poytaxt shaharlarini ilmiy asosda o‘rganish va saqlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan me’yoriy hujjatlarni imzolashdi.
Forum doirasida olib borilgan muzokaralar natijasida erishilgan kelishuv va bitimlar TerDU uchun xalqaro hamkorlik, ilmiy tajriba almashinuvi, kadrlar salohiyati va nufuz nuqtayi nazaridan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu bitim TerDUni Markaziy Osiyodagi yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biriga aylantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.