Fan, o‘quv jarayoni va amaliyot integratsiyasini yanada takomillashtirish maqsadida Termiz davlat universiteti rektorining 2025-yil 26-maydagi 281-T-son buyrug‘iga asosan, Tarix fakulteti Tarix ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabalari nazariy olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlash maqsadida Sherobod tumani Ko‘hitang tog‘ etaklarida joylashgan “Zarabog‘”, “Qorabog‘”, “Maydon” hamda “Poshhurt” qishloqlari yaqinidagi arxeologik yodgorliklarga tashrif buyurdilar.
So‘nggi yillarda Ko‘hitangtog‘ tizmasi bo‘ylab Termiz davlat universiteti hamda Chexiyaning Korlova universiteti, Fransiyaning Ekonormal xalqaro ilmiy tadqiqot instituti va Germaniyaning Myunxen universiteti bilan hamkorlikda qator qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Arxeologiya” kafedrasi mudiri PhD Q. Toshaliyev rahbarligida talabalar “Zarabog‘” va “Kayrit” tosh suratlari, “Burgutqo‘rg‘on”, “Kayritqo‘rg‘on”, “Tulkitepa” kabi bronza hamda ilk temir davriga oid o‘nlab yodgorliklarni o‘rganib, qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Stratigrafik qatlamlarning shakllanishiga oid amaliy ko‘rsatmalar talabalar uchun juda qiziqarli bo‘ldi.
Shuningdek, zardushtiylarga oid diniy inshootlar – dahmalar bo‘yicha ilgari surilgan ilmiy xulosalar talabalar orasida fanga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi. Amaliyot jarayoni davom etmoqda.