2009-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida Termiz davlat universitetida birorta ham dissertatsiya himoyasi o‘tkazilmagan.
Mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ilm-fanga qaratilayotgan ustuvor e’tibor, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ilmiy maktablarni shakllantirish va yosh olimlarni rag‘batlantirish siyosati natijasida mazkur sohada tub o‘zgarishlar bo‘ldi.
Buning yorqin isboti sifatida, 2025 yil 23–24-may kunlari, Termiz davlat universitetida atigi 2 kun ichida 8 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun muvaffaqiyatli himoya o‘tkazdi.
Bu ko‘rsatkich – oddiy statistika emas, balki universitetda yo‘lga qo‘yilgan ilm-fanni strategik rivojlantirish siyosati, rahbariyatning qat’iy tashabbuslari va professor-o‘qituvchilar jamoasining fidokorona mehnatining amaliy natijasidir. Himoya jarayonlarida yurtimizning nufuzli ilmiy muassasalari va oliy ta’lim tashkilotlaridan yetuk mutaxassislar, rasmiy opponentlar hamda yetakchi olimlar ishtirok etdi. Bu jarayonlar ilmiy kengash faoliyatining ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Termiz davlat universiteti faoliyatida ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion yondashuvlar va ilmiy salohiyatni oshirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu jarayon nafaqat universitetning ichki salohiyatini yuksaltirishga, balki mamlakatimizning umummilliy taraqqiyot strategiyasiga xizmat qiladigan kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.