Xabaringiz bor O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 562-sonli qarori, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 8-sentyabrdagi 383-sonli buyrug‘i va Termiz davlat universiteti rektorining 2025-yil 29-apreldagi 69-U-son sonli buyrug‘i asosida Biologiya, Kimyo, Fizika hamda Informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha Termiz davlat universiteti olimpiadasi viloyat bosqichi o‘tkazilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida tanlovning tuman va shahar bosqichlarida jami 3000 nafarga yaqin umumta’lim maktablar bitiruvchilari qamrab olindi. Shulardan 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan 181 nafar o‘quvchi orasidan esa 12 nafari muddatidan oldin TerDUning talabasi bo‘lish sharafiga ega bo‘lishdi.
Rektorimiz ishtirokida tashkil etilgan tadbirda o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari qatnashdi. A.Toshqulov kelajak uchun sarflangan sarmoya mahsulini ko‘rishdek baxtni his qilayotgan ota-onalarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Yoshlarning zimmasidagi burchini uqtirdi. Rektorimiz TerDUda nafaqat bilim berilishi balki kelajak yaratilishiga qaratilgan maqsad muddaolar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
Samimiy muloqotlar so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va sovg‘alar ulashildi.