Mas'ullar ijodiy jamoa vakillari bilan bo‘lgan samimiy muloqotda sahna ortidagi mashaqqatlar tilga olindi, talabalarning ijrolari e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni bir manzilda jamlagan “Janub gavhari” talabalar teatr studiyasi universitetning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tashabbuslarida yangi davr boshlanganidan darak bermoqda. Uchrashuvda ayni jihatlar alohida urg'ulanib, talabalarning takliflariga quloq tutildi.
E’tiborlisi rektorimiz tomonidan barcha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, rektorimiz buyrug‘i bilan havaskor aktyor talabalarimizga bir martalik stipendiya miqdorida pul mukofoti va yil yakuniga qadar har oyda bazaviy stipendiyaning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘bat beriladi.
Shuningdek, universitet hisobidan talabalarimiz uchun Samarqand va Buxoro viloyatlari bo‘ylab sayohat tashkil etiladi. “Momo yer” asarini sahnalashtirish jarayonida iste’dodli talabalarimizni kashf etishda yaqindan yordam bergan tashkilotchilar ham rag‘batlantirildi.