Yig‘ilishda 5 ta studiya orqali universitetning barcha professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etishdi.
Videokonferensaloqa ko‘rinishidagi yig‘ilishda universitet rektori A.Toshqulov pedagog va boshqaruv xodimlari faoliyatining samaradorligini baholash (KPI) natijalarining umumiy tahlili hamda joriy yildagi ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Rektorimiz 2024-yilda universitetda amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumotlarni keltirib, erishilgan yutuqlar uchun o‘qituvchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi, xizmatlarini e’tirof etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2017-yilda universitetning ilmiy salohiyati 14% ni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 40% dan oshdi. Bundan tashqari o‘tgan yili Malayziya, Rossiya, Yaponiya, Italiya, Eron, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bilan ilmiy, ta’limiy hamda madaniy hamkorlik yuzasidan olib borilgan muzokaralar amaliy bosqichga o‘tdi.
Yig‘ilishda shuningdek universitet strategiyasida keltirilgan o‘quv sifatini oshirish, ilmiy, innovatsion, xalqaro hamkorlik va ma'naviy-ma'rifiy ishlar yo‘nalishidagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Prezident qarori bilan OTMda ta’limda investitsiya va eksportni amalga oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar va uning ijrosi bo‘yicha vazifalar belgilandi. Rektorimizning universitet o‘qituvchilari o‘rtasida “Kitobxon oila” ko‘rik tanlovini o‘tkazish, haftaning juma kunini “Milliy qadriyatlar” shanba kunini esa “Sport kuni” sifatida belgilash takliflari bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilish yakunida professor-o‘qituvchilarning KPI natijalari tahlili to‘liq e’lon qilinib, yuqori o‘rinlarni olganlari e’tirof etildi. Ularning 250 nafariga joriy yilning 31-dekabrigacha tabaqalashtirilgan ustamalar belgilandi.
A.Toshqulov sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bog‘liq yuzaga keladigan muammolar xususida to‘xtalib o‘tdi va har bir mutaxassis o‘z ustida ishlab IT hamda ingliz tilini chuqur o‘rganishi lozimligi ta’kidlandi.