Videokonferensaloqa tarzidagi kengaytirilgan yig‘ilishda universitet rektori A.Toshqulov pedagog va boshqaruv xodimlari faoliyatining samaradorligini baholash (KPI) natijalarining umumiy tahlili hamda yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ma’lumotlar slaydlar ko‘rinishida fakultet, kafedralar kesimida taqdim etilib, jarayonda erishilgan yutuqlar asnosida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham tilga olindi.
Masalan, 2024/2025 o‘quv yilida mavjud 71 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan 15 tasi, 43 ta magistratura mutaxassisliklaridan 14 tasi yangidan tashkil etilgan. Viloyatda birinchi marta bo‘lib jurnalistika yo‘nalishi, yuridik yo‘nalishining 2-mutaxassisligi ochilib, kadrlar tayyorlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida universitetga 47 nafar professor-o‘qituvchilar ishga qabul qilingan, shundan 26 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lgan pedagog kadrlar, 30 nafardan ortiq tadqiqotchilar dissertatsiya ishlarini himoya qilishgan. Yil boshidan beri 56 nafar ilmiy salohiyatli kadrlar pedagoglar safiga qo‘shildi. Ayni vaqtda universitet ilmiy salohiyati 41,3 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, ilmiy tadqiqot markazida yaratilgan shart-sharoitlardan foydalangan holda ishlab chiqarish quvvatlarini harakatga keltiradigan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.