O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017-yil 31-avgust kuni “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrifi mobaynida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda bunday muzeyni viloyatlarda ham ochish kerakligi haqida fikrlarni bildirgan edi. Shu munosabat bilan 2017 yil 22 noyabrda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 936-sonli qarori qabul qilindi. 2018 yil 30-yanvar kuni Termiz davlat universiteti tuzilmasida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etildi. Bugungi kunda muzey 3 bo‘lim (Chor rossiyasi mustamlakachilik davri, Sovet hokimiyati davri, Mustaqillik davri)dan iborat bo‘lib, 216 ta eksponat bilan boyitilgan.
Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilganlar xotirasini abadiylashtirish, ularning Vatan kelajagi, xalq haqida xalq oldidagi buyuk xizmati va jasoratini yosh avlod o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu muzey eksponatlarini muntazam boyitib borish bizning muhim vazifalarimizdan biridir. Shu munosabat bilan Termiz davlat universitetida oliygoh rektori A. Maraximov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B. Hasanov, direktorning ilmiy ishlar bo’yicha o’rinbosari M. Zikrullayev, Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari, viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi J. Toʻrayev va bir qator tashkilot rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Yangi O‘zbekiston – uchinchi renessans poydevori ” shiori ostida tarixiylik va davriylik kesimida muzey faoliyatini yanada takomillashtirish, eksponatlarni tubdan yangilash bo‘yicha takliflar bildirildi. TerDU rektori A.Maraximov tomonidan Termiz davlat universitetida mutaxassislardan iborat ishchi guruh tashkil etilishi, ularning tezkor va samarali faoliyat olib borishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi aytib oֲ‘tildi.