TerDUda ispaniyalik professor o‘qituvchilik faoliyatini boshladi

Yangiliklar 22-10-2026 28

Termiz davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish, xalqaro ilmiy tajribani o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish hamda talabalarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Ispaniyaning Rey Juan Carlos universiteti professori Santyago Gomes-Ruiz Kimyo fakultetida o‘qituvchilik faoliyatini boshladi.

Santyago Gomes-Ruiz — Scopus ilmiy bazasida h-indeksi 42 ga ega, 10 dan ortiq AQSh patenti muallifi hamda Stenford universiteti tomonidan e’lon qilingan dunyoning eng yaxshi 2 foiz tadqiqotchilari ro‘yxatiga kiritilgan nufuzli olim.

Professor bir yil davomida Termiz davlat universitetida faoliyat olib boradi. Uning universitetdagi faoliyati talabalarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘zlashtirish, xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga joriy etish hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olimning TerDUdagi faoliyati universitetning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va jahon ilm-fani yutuqlarini ta’lim jarayoniga olib kirishda muhim ahamiyat kasb etadi.