Termiz davlat universitetida sport ta’limi sifatini oshirish, xalqaro tajribani o‘quv-mashg‘ulot jarayonlariga keng tatbiq etish hamda malakali sportchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yaponiyadan tashrif buyurgan tajribali dzyudo murabbiyi Kazunari Akashi universitet rektorining buyrug‘i asosida ishga qabul qilindi.
Kazunari Akashi — dzyudo bo‘yicha 6-dan darajasiga ega, 15 yillik kasbiy tajribaga ega mutaxassis. U Yaponiyaning Kokushikan universitetida magistrlik darajasini olgan.
Ayni paytda Termiz davlat universitetining Sport faoliyati fakultetida dzyudo yo‘nalishi bo‘yicha 129 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 83 nafari kunduzgi, 46 nafari esa sirtqi ta’lim shaklida bilim olmoqda.
Yaponiyalik mutaxassisning universitetdagi faoliyati talabalarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, Yaponiya dzyudo maktabining ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirish, zamonaviy mashg‘ulot metodikalarini joriy etish hamda xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok eta oladigan yuqori malakali sportchilarni tayyorlashga xizmat qiladi.