TerDUda xalqaro akkreditatsiya: o‘rganish jarayonlari davom etmoqda

Yangiliklar 12-10-2026 33

Termiz davlat universitetida ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar asosida baholash va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan xalqaro akkreditatsiya jarayonlari izchil davom ettirilmoqda.

Xabar berganimizdek, kecha xalqaro ekspertlar universitet kampusiga tashrif buyurib, oliygohning moddiy-texnik bazasi hamda ta’lim jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgan edilar. Bugun esa o‘rganish jarayonlari doirasida xorijiy ekspertlar hamda universitet rahbariyati ishtirokida onlayn muloqotlar o‘tkazildi.

Muloqotlar davomida ekspertlar universitet rektori va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha prorektorlari bilan ta’lim dasturlarining mazmuni, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, ta’lim sifati hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalarini muhokama qildilar.

Jarayonda Germaniya, Avstriya, Polsha, Chexiya va Qozog‘istonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari olimlari hamda xalqaro ta’lim mutaxassislari ishtirok etmoqda. Jumladan, ekspertlar guruhi tarkibida:
🟢 Prof. Dr. Mohammad Reza Farzanegan — Marburg universiteti professori (Germaniya), iqtisodiyot yo‘nalishi;
🟢 Prof. Dr. Tim Epkenhans — Frayburg universiteti professori (Germaniya), tarix yo‘nalishi;
🟢 Prof. Jenny Lehtinen, PhD — Nazarboyev universiteti dotsenti (Qozog‘iston), ingliz tili va lingvistika yo‘nalishlari;
🟢 Dr. Magdalena Kaltseis — Insbruk universiteti dotsenti (Avstriya), rus tili va lingvistika yo‘nalishlari;
🟢 Prof. Dr. Kinga Paraskiewicz — Yagellon universiteti professori (Polsha), fors tili yo‘nalishi;
🟢 Jiri Matela, PhD — Masarik universiteti dotsenti (Chexiya), yapon tili yo‘nalishi;
🟢 Prof. Dr. Robert Grassinger — Vayngarten pedagogika universiteti professori (Germaniya), psixologiya yo‘nalishi;
🟢 Martin Borg — xalqaro ta’lim, sifatni ta’minlash va o‘qitishni rivojlantirish bo‘yicha ekspert, ish beruvchilar vakili;
🟢 Leon Grausam — Bremen universiteti doktoranti (Germaniya), talabalar vakili sifatida qatnashmoqda.

Uchinchi klaster doirasidagi o‘rganishlar iqtisodiyot, tarix, psixologiya, ingliz, rus, fors va yapon tillari, shuningdek, lingvistika yo‘nalishlarini qamrab oladi.