TerDU dunyo fanlar reytingida yetakchilar safida!

Yangiliklar 06-10-2026 44

Nufuzli xalqaro reyting tashkiloti Round University Ranking (RUR) tomonidan e’lon qilingan 2026-yilgi fanlar kesimidagi reyting natijalarida Termiz davlat universiteti qator fan yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab, xalqaro akademik maydondagi nufuzi va raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etdi.

Universitet 6 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro reytingdan joy olib, ulardan birida dunyoning TOP 500, yana to‘rttasida TOP 1000 oliy ta’lim muassasalari qatoriga kirib, tarixiy natijani qayd etdi.

Fan yo‘nalishlari bo‘yicha jahon reytingidagi o‘rinlar:
Fizika-matematika ta’limi va texnologiyalari - 447-o‘rin
Tabiiy fanlar - 913-o‘rin
Gumanitar fanlar - 932-o‘rin
Hayot haqidagi fanlar - 938-o‘rin
Texnika fanlari - 981-o‘rin
Ijtimoiy fanlar - 1036-o‘rin

Fanlar kesimidagi xalqaro reytinglar universitetning muayyan sohalardagi ta’lim sifati, ilmiy faoliyat natijadorligi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, tadqiqotlarning ta’siri va xalqaro akademik faolligini alohida baholash imkonini beradi.

Mazkur natijalar Termiz davlat universitetining xalqaro nufuzini yuksaltirish hamda mehnat bozori talablariga mos, zamonaviy kompetensiyalarga ega, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi tizimli faoliyatining muhim ifodasidir.