Termizda tojikistonlik atoqli shoir Loyiq Sherali tavalludining 80 yilligi nishonlandi

Termiz davlat universitetida XX asr tojik adabiyotining yirik vakili, shoir Loyiq Sherali tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab “Loyiq Sherali – muhabbat kuychisi” deb nomlangan adabiy kecha o‘tkazildi.

O‘zbek va tojik xalqlari azaldan yaqin qo‘shni, ishonchli do‘st va birodar bo‘lib yashab kelgan. Ikki xalqni nafaqat qo‘shnichilik munosabatlari, balki quda-andachilik, qarindoshlik rishtalari ham mustahkam bog‘lab turadi. Keyingi to‘rt yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichdagi mehr-oqibat, o‘zaro hamjihatlik ruhida rivojlanib borayotgani, ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohasining yetuk namoyandalariga chuqur ehtirom ko‘rsatilayotgani bunga yaqqol dalildir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida o‘zbek – tojik xalqlarining buyuk mutafakkirlari – Alisher Navoiy hamda Abdurahmon Jomiyga haykal o‘rnatilgan edi. Ana shu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan tojik birodarlarimiz Dushanbe shahrida Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i barpo etib, unda ikki buyuk siymo haykalini o‘rnatgani o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida olis o‘tmishdan saqlanib qolgan sadoqatli do‘stlik, yaqin birodorlik an’analarini dunyoga keng tarannum etdi. Ayniqsa, keyingi yillarda xalqlarimiz adabiyoti yetuk namoyandalarining qutlug‘ yubiley va tavallud kunlarini nishonlash ham ajoyib an’anaga aylandi.

Termiz davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida XX asr tojik adabiyotining yirik namoyandasi, shoir Loyiq Sherali tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Loyiq Sherali – muhabbat kuychisi” nomli adabiy kecha ham bunga yaqqol dalildir.

Termiz davlat universiteti tojik filologiyasi va sharq tillari kafedrasi hamda Surxondaryo viloyat tojik madaniyat markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar, talabalar, viloyat tojik madaniyati markaz vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. Adabiy kechada Tojikiston Respublikasining taniqli adabiyotshunos olimlari onlayn ishtirok etdi.

Tadbirda Termiz davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Obid Shofiyev, Termiz davlat universiteti tojik filologiyasi va sharq tillari kafedrasi mudiri, Surxondaryo viloyat tojik milliy madaniyat markazi rahbari Ramazon Abdullayev, Tojikistondagi Bobojon G‘affurov nomli Xӯjand davlat universiteti professori Matlubai Mirzoyunus (Xodjayeva) va boshqalar tojik zamonaviy she’riyatining taniqli vakili Loyiq Sheralining hayot yo‘li, ijodi va badiiy mahorati haqida fikr almashdi. O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi to‘g‘risida so‘z yuritildi. Atoqli shoirning Tojikistonda ijodiy merosini o‘rganish, tadqiq etish borasida olib borilayotgan ezgu ishlar va asarlarining boshqa tillarga tarjimasi xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Qiziqarli o‘tgan adabiy kechada Termiz davlat universiteti tojik tili ta’lim yo‘nalishi talabalari Loyiq Sherali she’rlarini yoddan aytdi. Surxondaryolik xushovoz xonandalar – Xayrulloi Nasriddin, Kenjaboy Rahmonov va Mirzonazar Bobonazarovlar shoir g‘azallariga bastalangan dilrabo qӯshiqlarni ijro etib, barchaga bir olam quvonch ulashdi.

Tadbirda eng faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘asi va tashakkurnomasi topshirildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA

Foydali Havolalar

Yangiliklar

“Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni”

  • 2024-10-17
  • 36

Termiz shahri “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanga mezbonlik qilayotganidan xabaringiz bor.

Batafsil

Termiz davlat universiteti bitiruvchi kurs talabalari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi

  • 2024-10-17
  • 16

Salohiyatli, iqtidorli yosh kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilish, IHMA faoliyati bilan yaqindan tanishtirish imkonini bergan tadbirda talabalarga "Keys menejment” faoliyati yoritilgan videorolik namoyish etildi.

Batafsil

 TerDU talabalari zoom dasturi orqali “Oʻzbekiston kelajagi savodxon yoshlar qoʻlida” shiori ostidagi “Ommaviy diktant” aksiyasida ishtirok etishdi

  • 2024-10-16
  • 58

Bu tadbir Oʻzbek tilining ijtimoiy mavqeyini yanada mustahkamlash va yozma savodxonlikni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat

Batafsil