Mamlakatimizda har bir insonning mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlashga oid huquqlari ta’minlangan, buning uchun qonunchilik bazasi yaratilgan. Fuqarolarning mehnat va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Fuqarolarning farovon turmush kechirishini ta’minlash maqsadida ularning unumli va ijodiy mehnat qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, ish bilan ta’minlash sohasida ijtimoiy kafolatlar berish hamda mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobat qila olmaydigan aholi qatlamlarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish chora-tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Bular, o‘z navbatida, Konstitutsiyamizda, Mehnat kodeksida, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi hamda “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunlarda o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq, har bir shaxs mehnat qilish, erkin ish tanlash, haqqoniy mehnat shartlari asosida ishlash va qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega.
Ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yoshga yetgan hamda ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnatga oid munosabatlarning subyektlari bo‘lishi mumkin.
Amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, har bir xodim quyidagi huquqlarga ega:
- o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish; - ish vaqtining belgilangan chegaralangan muddati, bir qator kasblar va ish turlari uchun qisqartirilgan ish kuni, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek, haq to‘lanadigan yillik ta’tillar berish orqali ta’minlanadigan dam olish; - xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda mehnat qilish; - kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; - ish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash; - kasaba uyushmalariga hamda xodimlar va mehnat jamoalarining manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga birlashish; - qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish; - o‘zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish; - jamoaviy mehnat nizolarida o‘z manfaatlarini himoya qilish.
Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
- korxonani boshqarish va o‘z vakolatlari doirasida mustaqil qarorlar qabul qilish; - qonun hujjatlariga muvofiq yakka tartibdagi mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish; - mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni lozim darajada bajarishni xodimdan talab qilish; - o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun boshqa ish beruvchilar bilan birga jamoat birlashmalari tuzish va bunday birlashmalarga a’zo bo‘lish.
Ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi. Yoshlarni mehnatga tayyorlash maqsadida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishlarni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishlari uchun ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish Mehnat kodeksida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.