Trulli Trulli Trulli Telefon: 0 (376) 221-74-55 E-mail: termizdu@umail.uz Trulli Trulli Trulli



Yo’riqnoma

858 Views

TALABALARI O`QISHINI KO`CHIRISH, QAYTA TIKLASH VA O`QISHDAN CHETLASHTIRISH

Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga va magistraturasiga qabul qilish tartiblari bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish, talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risida NIZOM” ga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashning umumiy qoidalari.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash deb ataladi)da oliy ta’limning mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlarini (mutaxassisliklarini) belgilash quyidagi mezonlarga asoslanadi:
ta’lim yo‘nalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi;

oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash uchun o‘qishga kirishda sinov o‘tkaziladigan fanlari tarkibi va ta’lim sohasi hamda o‘qish muddati bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) turdosh deb hisoblanadi.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash quyidagilarning:

oliy ta’lim muassasalari;

tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Idoralararo komissiya O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan tashkil etiladi. Uning tarkibiga tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar vakillari kiritiladi.

Idoralararo komissiyaning raisi va mas’ul kotibi Davlat komissiyasi qarori bilan tayinlanadi.
Idoralararo komissiya “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi to‘g‘risida nizom” asosida faoliyat yuritadi.
Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (qayta tiklash — talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yilgacha bo‘lgan muddatda) shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:
oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga;

talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat o‘tganda.
Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:

xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga;

talabalar safidan chetlashtirilganligiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga (mutaxassisliklariga).
Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos bo‘ladi:

xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;

respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;

oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;

birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan istisno);

oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;

namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;

qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish.

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini ko‘chirish (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini ko‘chirish deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish quyidagicha amalga oshiriladi:

o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshiriladi;

arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda:

o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar;

o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;

pasportning nusxasi.

O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisligi) bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.
Boshqa hollarda o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan fuqarolar tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘zlari ta’lim olgan xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi o‘qitish tili bo‘yicha muayyan ta’lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) (turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini o‘tash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda oliy ta’lim muassasalariga ega vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilganlar bundan mustasno) topshiradi.
Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasi Idoralararo komissiyaga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Idoralararo komissiya qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga ko‘chiriladi

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini qayta tiklash.
Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini qayta tiklash deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi:

o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;

o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar davom etadi.
Qayta tiklash bo‘yicha arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqib qaror qabul qilish:

kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar;
bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar safidan chetlashtirilgan fuqarolar o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi)ga ko‘chirib tiklash to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega. Bunda arizaga o‘qishni ko‘chirish tartibidagi hujjatlar taqdim etiladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qishdan chetlashtirish.
Talaba oliy ta’lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:

  1. o‘z xohishiga binoan;
  2. o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
  3. salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
  4. o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
  5. bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
  6. o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
  7. talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
  8. vafot etganligi sababli.

Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
Belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo‘lgan) talaba oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi.
Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini quyi kursdagi o‘quv semestri boshidan boshlashi mumkin.

Main menu
Page Reader Press Enter to Read Page Content Out Loud Press Enter to Pause or Restart Reading Page Content Out Loud Press Enter to Stop Reading Page Content Out Loud Screen Reader Support